Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi aralashuvidan so‘ng Food City Tashkent kompaniyasi bozor hududiga muz olib kirish uchun oshirilgan yig‘imni bekor qildi. Bu haqda idora matbuot xizmati xabar berdi.

Qo‘mitaga Food City Tashkent hududida muz mahsulotlari savdosi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkor murojaat qilib, bozor ma’muriyati tomonidan sun’iy to‘siqlar yaratilayotganini bildirgan. Xususan, bozor hududiga qadoqlangan va qadoqlanmagan muz olib kirish uchun to‘lov miqdori bir necha barobar oshirilib, bir kun uchun 737 ming so‘m etib belgilangan. Tadbirkor bu orqali uni bozordan siqib chiqarishga urinilayotgani qayd etgan.

Murojaatda keltirilgan holatlar yuzasidan qo‘mita tomonidan o‘rganish ishlari olib borilib, bozor ma’muriyatiga so‘rov yuborilgan. Ishni ko‘rib chiqish jarayonida o‘tkazilgan muloqotlar natijasida Food City Tashkent hamda tadbirkor o‘rtasida kelishuvga erishilgan. Natijada murojaatda ko‘tarilgan muammo ijobiy hal etilib, asossiz oshirilgan to‘lov miqdori bekor qilingan.

Raqobat qo‘mitasi mulkchilik shaklidan qat’iy nazar barcha ustun muzokara kuchiga ega subyektlarni ogohlantirdi. Qayd etilishicha, ustun mavqega ega bo‘lmagan xo‘jalik yurituvchi subyekt yoki shaxslar guruhi tomonidan bitim shartlarini, tovarlar realizatsiya qilinadigan hududni yoki narxni bir tomonlama belgilash imkoniyatining mavjudligi ustun muzokara kuchi deb e’tirof etiladi. Ustun muzokara kuchini suiiste’mol qilish “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunda belgilangan tartibda moliyaviy sanksiyalar qo‘llanilishiga sabab bo‘ladi.

Source: www.gazeta.uz