Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Toshkentda pullik avtoturargohlar tizimi joriy etilishi bilan bog‘liq munozaralar davom etmoqda. Poytaxt Parking brendi ostidagi StreetPark Systems kompaniyasi bosh menejeri Jahongir Toshpo‘latov Gazeta’ga bergan intervyusida loyihaning moliyaviy ko‘rsatkichlari va faoliyatidagi qiyinchiliklar haqida batafsil ma’lumot berdi.

Kompaniya rahbarining ta’kidlashicha, bu xususiy tashkilot emas, balki Toshkent shahriga tegishli loyiha bo‘lib, StreetPark Systems texnik operator sifatida faoliyat yuritadi. 2025-yil boshidan buyon loyihaga 6,5 million dollardan ortiq mablag‘ sarflangan, bu mablag‘ uskunalar, yo‘l infratuzilmasi, belgilar, asfaltlash va ilova ishlab chiqishga yo‘naltirilgan.

2025-yilda kompaniyaning daromadi 10,8 milliard so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, zarar 60 milliard so‘mdan oshgan. Shu bilan birga, davlat budjetiga 35 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirilgan. Kompaniya shahar budjetiga va Yo‘llarni rivojlantirish jamg‘armasiga ham to‘lovlarni amalga oshiradi.

Dastlabki kim oshdi savdosida ijara narxi yiliga 57 milliard so‘mdan 120 milliard so‘mgacha ko‘tarilgan, ammo StreetPark Systems savdolardan chiqib ketgan. Keyingi auksionda yakuniy taklif 62,9 milliard so‘m atrofida bo‘lgan. Biroq, avtoturargoh o‘rinlari soni 13 mingtadan 5 ming 300 taga qisqargani sababli ijara haqi 32,8 milliard so‘mgacha kamaytirilgan.

Kompaniya rahbari jarimalar masalasiga ham to‘xtalib, jarimalar hokimlik va Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati tomonidan belgilanishi va undirilishini, pullar davlat budjetiga tushishini ta’kidladi. Shuningdek, imtiyozli davr joriy etilishi ustida ish olib borilayotgani ma’lum qilindi.

Eshitishda nogironligi bo‘lgan shaxslarning inspektor sifatida ishga olinishi tanqidlarga sabab bo‘lgan. Kompaniya bu qarorni ijtimoiy mas’uliyat bilan izohlab, hozirda 60 nafar bunday xodim ishlayotganini, ularning 90-95 foizi uchun bu birinchi rasmiy ish ekanligini bildirdi.

Jahongir Toshpo‘latovning so‘zlariga ko‘ra, pullik avtoturargohlar tizimi shahar markazidagi avtomobil yuklamasini kamaytirish va resurslardan adolatli foydalanishni ta’minlash uchun zarur. U haydovchilarni jamoat transportidan foydalanishga rag‘batlantirish maqsadida shahar hokimligi tomonidan qilinayotgan ishlarni ham qayd etdi.

Source: www.gazeta.uz