O‘zbekistonda 20-iyul kuni sutkalik elektr energiyasi iste’moli yozgi mavsum uchun rekord darajaga — 301,9 mln kVt/soatga yetdi. Bu haqda Energetika vazirligi ma’lum qildi.
Bu o‘tgan yozdagi maksimal ko‘rsatkichdan 10,75 foizga va ikki kun oldin o‘rnatilgan avvalgi rekorddan 2,55 foizga ko‘p. Yagona energetika tizimida maksimal yuklama soat 17:22 da 14,2 GVt ni tashkil etdi.
Xuddi shu kuni elektr energiyasi ishlab chiqarish bo‘yicha ham rekord yangilandi — 305,4 mln kVt/soat. Bu 18-iyul kuni qayd etilgan avvalgi maksimal ko‘rsatkichdan 8,3 mln kVt/soatga yoki 2,79 foizga ko‘p.
Energetika vazirligi anomal issiq va yuqori talab sharoitida energotizim barqaror ishlashda davom etganini ma’lum qildi. Tarmoqlardagi nosozliklarni tezkorlik bilan bartaraf etish uchun energetika korxonalarining avariya-tikilash brigadalari kuchaytirilgan ish formatiga o‘tkazilgan.
Shu bilan birga, 20−21-iyul kunlari Toshkentning bir necha tumanlarida elektr energiyasida vaqtinchalik uzilishlar yuz berdi. Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, Olmazor tumanining Sebzor massivida 310 ta iste’molchi 5 soatu 10 daqiqa davomida — soat 13:47 dan 18:57 gacha elektrsiz qolgan.
Soat 16:11 da Yakkasaroy va Chilonzor tumanlari iste’molchilarini ta’minlovchi tarmoqda nosozlik yuzaga keldi. 1500 ta iste’molchi vaqtincha elektr energiyasiz qoldi. Elektr ta’minoti soat 16:55 da tiklandi — uzilish 44 daqiqa davom etdi.
Yashnobod tumanida nosozlik Uysozlar va Farg‘ona yo‘li hududlariga ta’sir ko‘rsatdi. 350 ta iste’molchida elektr energiyasi 5 soatu 11 daqiqa — soat 16:49 dan 22:00 gacha bo‘lmadi.
Chilonzor tumanining 1-kvartalida yana 300 ta iste’molchi 4 soatu 58 daqiqa davomida elektr ta’minotisiz qoldi. Nosozlik soat 17:05 da yuzaga kelib, ta’minot 22:03 da tiklandi.
21-iyulga o‘tar kechasi Sergeli tumanining Xonobod va Sultonobod ko‘chalarini ta’minlovchi tarmoqda avariya yuz berdi. 280 ta iste’molchi vaqtincha elektr energiyasiz qoldi. Energetika vazirligi elektr ta’minoti tiklanganini ma’lum qildi, ammo aniq vaqtni ko‘rsatmadi, shu sababli uzilish davomiyligi noma’lum.
21-iyul ertalab Olmazor tumanining Sebzor va Taxtapul ko‘chalarida 320 ta iste’molchi elektrsiz qoldi. Avariya soat 5:20 da yuz berdi va 7:10 da bartaraf etildi — uzilish 1 soatu 50 daqiqa davom etdi.
Vazirlik yuqori yuklama fonida energotizimning tezkor xizmatlari kuchaytirilgan rejimda ishlashda davom etayotganini ta’kidladi.
Kurbanoff.net blogi muallifi Shuhrat Qurbonov avvalroq o‘zi yaratgan SvetaNet.uz servisi ma’lumotlari asosidagi grafiklarni e’lon qilgan edi. Ushbu servis xaritada Toshkent shahri va Toshkent viloyatining bir qismida elektr energiyasi o‘chishi bo‘yicha xabarlarni aks ettiradi.
Ma’lumotlar yuqori harorat va elektr o‘chishi haqidagi xabarlar sonining ortishi o‘rtasida ehtimoliy bog‘liqlik borligini ko‘rsatmoqda. Eng sezilarli o‘sish kunduzgi harorat taxminan 38 darajadan oshganidan keyin boshlanadi, murojaatlarning soatbay pik ko‘rsatkichi esa qariyb ikki soatlik kechikish bilan sodir bo‘ladi.
Soatbay ma’lumotlar shuni ko‘rsatadiki, shikoyatlarning eng yuqori nuqtasi harorat maksimumidan bir-uch soat o‘tib qayd etilgan: ikki soatlik surilishda korrelyatsiya 0,75 dan 0,85 gacha ortadi. Buni tarmoqlar va transformatorlarning to‘planib boruvchi qizishi, shuningdek, konditsionerlar sababli kechki vaqtda yuklamaning ortishi bilan izohlash mumkin.
Energetika vazirligi avvalroq nosozliklarni issiq harorat, uskunalarning haddan tashqari qizib ketishi hamda konditsionerlar va boshqa maishiy texnikalarning ommaviy ishlatilishi sababli tarmoqlarga yuklamaning keskin ortishi bilan bog‘lagan edi. Alohida hollarda, dispetcherlar yirik avariyalarning oldini olish uchun qisqa muddatli cheklovlar ham joriy etgan.
Vazirlik iste’molchilarni elektr energiyasidan oqilona foydalanishga va imkon qadar zarurat bo‘lmaganda elektr jihozlarini tarmoqdan uzib qo‘yishga chaqirdi. Ta’kidlanishicha, bu tarmoqlarga yuklamani kamaytirishga hamda avariyalar va uzilishlar xavfini ozaytirishga yordam beradi.
Gazeta elektr energiyasi uzilishlari biznes uchun qo‘shimcha xarajatlar keltirib chiqarayotgani haqida yozgan edi. Tarmoqli do‘konlardan birida ma’lum qilishlaricha, uzilishlar paytida sut mahsulotlari va past haroratda saqlanishni talab qiluvchi boshqa tovarlarni boshqa savdo shoxobchasiga tashishga majbur bo‘lishmoqda.
Boshqa bir oziq-ovqat do‘konida esa elektr energiyasi har kuni taxminan ikki soatga o‘chirilayotgani aytildi. Shaxsiy generatori bo‘lmagan savdo shoxobchalari mahsulotlarni saqlab qolish uchun ularni ijaraga oladi yoki vaqtincha ulaydi. Bu ham yoqilg‘i, ham, ehtimol, uskuna ijarasi uchun katta xarajatlar bilan bog‘liq.
Source: www.gazeta.uz