2026-yilning birinchi yarimyilligida O‘zbekiston iqtisodiyoti 8,5 foizga o‘sdi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev 21-iyul kuni videoselektor yig‘ilishida ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, sanoat 8 foizga, xizmat ko‘rsatish sohasi 16,9 foizga, qurilish 13,8 foizga, qishloq xo‘jaligi esa 4,7 foizga o‘sgan. Investitsiyalar hajmi 28 milliard dollarga, eksport 14,4 milliard dollarga yetdi.
Prezident Fitch va Moody’s agentliklari O‘zbekistonning suveren kredit reytingini bir pog‘onaga oshirganini ta’kidladi. Shu bilan birga, 40 million aholi turmush darajasini sezilarli yaxshilash uchun o‘sish sur’atlarini 9-10 foizga yetkazish zarurligini qayd etdi.
Yig‘ilishda hududlar va tarmoqlarda yarimyillik rejalarning bajarilishi tanqidiy tahlil qilindi. Ayrim viloyatlarda yalpi hududiy mahsulot, qurilish va investitsiyalarni oshirish imkoniyatlaridan to‘liq foydalanilmagani qayd etildi.
Prezident rahbarlardan qo‘shimcha zaxiralarni topish va yil oxirigacha aniq natijalarga erishishni talab qildi. Shuningdek, agar vazir yoki hokimning ishi aholi turmush sifatida aks etmasa, ko‘rsatkichlar “qog‘ozdagi raqam” bo‘lib qolishini ta’kidladi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi avvalroq 2026-yil yakunlari bo‘yicha iqtisodiy o‘sish prognozini 6,6 foizdan 8,1 foizga oshirgan edi. YAMM hajmi qariyb 180 milliard dollar, inflyatsiya 6,5 foiz atrofida kutilmoqda.
Source: www.gazeta.uz