O‘zbekistonda xususiy sektor bilan hamkorlikda hamkor davlatlardan bo‘sh turgan 10 mingta yuk vagonini jalb qilish choralarini ishlab chiqish topshirildi. Bu haqda 21-iyul kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda prezident Shavkat Mirziyoyev ma’lum qildi.
Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, mamlakat tashqi savdo yuklarining 70 foizi, ya’ni 46 mln tonnasi temiryo‘l orqali tashiladi. Shunga qaramay, tadbirkorlar vagonlar yetishmasligi va yuk tashish tizimidagi muammolardan shikoyat qilishda davom etmoqda.
Yil boshidan buyon sement ishlab chiqaruvchilar so‘ragan 2800 ta vagon yetkazib berilmagan. Prezidentning ta’kidlashicha, yilning ikkinchi yarmida qo‘shimcha 1300 ta yuk vagoni ishlab chiqarish rejasi ham biznes ehtiyojini to‘liq qoplamaydi.
Mas’ul idoralarga o‘n kun ichida xususiy sektor ishtirokida hamkor davlatlardan bo‘sh turgan 10 mingta yuk vagonini jalb qilish bo‘yicha hisob-kitoblarni tayyorlash topshirildi.
Shuningdek, yig‘ilishda Angren-Pop, Toshg‘uzor-Qumqo‘rg‘on va Toshkent-Samarqand temiryo‘l yo‘nalishlari ortiqcha yuklama bilan ishlayotgani ham qayd etildi.
Yil oxirigacha temiryo‘l infratuzilmasini rivojlantirish uchun Jahon bankidan 200 mln dollar jalb qilish bo‘yicha kelishuvga erishish vazifasi qo‘yildi.
Bosh prokuraturaga yuk vagonlari parklarini kengaytirish uchun ajratilgan mablag‘lardan foydalanilishini tekshirish, shuningdek, vagonlarni tadbirkorlarga taqdim etishning amaldagi tartibini o‘rganish topshirildi. Tekshiruv yakunlari bo‘yicha tizim shaffofligini oshirishga doir takliflar kiritiladi.
Eslatib o‘tamiz, 2030-yilgacha O‘zbekistonda 151 km yangi temiryo‘l qurish, 182 km mavjud temiryo‘lni elektrlashtirish, 27 ta stansiya va 100 km temiryo‘lni modernizatsiya qilish rejalashtirilgan. Shuningdek, shahar atrofi temiryo‘l qatnovini rivojlantirish uchun 15 ta yangi yo‘nalishni ochish taklif etilgan.
Source: www.gazeta.uz