Toshkentda 17 yoshli o‘smir kriptoaktivlar bilan noqonuniy operatsiyalar o‘tkazganlikda gumonlanib, unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, u orqali taxminan 578 ming dollarlik bitimlar amalga oshirilgan.
Poytaxt IIB matbuot xizmati xabariga ko‘ra, noqonuniy faoliyat Yunusobod tumanida “Xavfsiz va sog‘lom mamlakat” oyligi doirasida o‘tkazilgan tezkor tadbir chog‘ida aniqlangan.
Huquq-tartibot organlari aniqlashicha, o‘smir kriptoaktivlar bilan operatsiyalarni amalga oshirish uchun maxsus uskuna va dasturiy ta’minotdan foydalangan.
Uning yashash joyida o‘tkazilgan tintuv vaqtida ichki ishlar xodimlari noutbuk, mobil telefon, monoblok va ikkita bank kartasini musodara qildi. Topilgan barcha texnika va boshqa buyumlar jinoyat ishiga moddiy dalil sifatida qo‘shib qo‘yildi.
Ushbu fakt bo‘yicha Jinoyat kodeksining 278-8-moddasi (“Kriptoaktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilikni buzish”) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.
Avvalroq O‘zbekistonda yana ikki kishi qariyb 3 milliard so‘mlik noqonuniy kriptoaktiv operatsiyalarida gumonlanib qo‘lga olingan edi. Ulardan biri Tojikiston fuqarosi bo‘lib, uning elektron hamyoni orqali moliyaviy oqimlar o‘tgan.
Source: podrobno.uz