O‘zbekiston Markaziy banki tomonidan o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, qarz majburiyatlariga ega bo‘lgan har o‘n nafar ishtirokchidan olti nafari ularni o‘z vaqtida qaytarishda muammolarga duch kelmoqda. Tadqiqot 2026-yil 20-27-yanvar kunlari o‘tkazilgan bo‘lib, unda mamlakatning barcha hududlaridan qariyb 5800 nafar aholi ishtirok etgan.
Respondentlarning 77 foizi o‘zi yoki oila a’zolarida bank va bankdan tashqari qarz majburiyatlari mavjudligini bildirgan. Shundan 68 foizi bankdan qarz olgan bo‘lsa, ularning har beshdan birida (21%) bankdan tashqari qarzlar ham bor.
Qarz mablag‘laridan foydalanish maqsadlari orasida uy-joy sotib olish yoki ta’mirlash (20%), avtomobil xaridi (18%), iste’mol tovarlari, ta’lim, kundalik xarajatlar, tadbirkorlik, davolanish va to‘y kabi ehtiyojlar bor. Qariyb 8 foiz qarz oluvchi eski qarzini to‘lash uchun yangi kredit olganini ma’lum qilgan.
Respondentlarning 68 foizida barcha qarzlar bo‘yicha oylik to‘lov miqdori 6 million so‘mdan kam. Eng keng tarqalgan to‘lov miqdori 2-4 million so‘m oralig‘ida. Qarz muddati bo‘yicha 48 foiz respondentda 3 yildan kam qolgan bo‘lsa, 27 foizda 5 yil va undan ortiq.
Qarz yuki darajasi (oylik to‘lovlarning daromadga nisbati) o‘rtacha 51 foizni tashkil etgan. Respondentlarning 47 foizida qarz yuki 50 foizdan yuqori, shundan 27 foizida 76 foiz va undan ortiq. 2024-yilning birinchi yarmiga nisbatan 50 foizdan yuqori qarz yukiga ega bo‘lganlar ulushi 1 foizga kamaygan.
Respondentlarning 47 foizi keyingi 6 oyda to‘lov qobiliyati yaxshilanishini kutmoqda, 42 foizi o‘zgarish bo‘lmasligini, 11 foizi esa yomonlashishini taxmin qilmoqda. Yangi qarz olishni rejalashtirayotganlar 15 foizni tashkil etadi, 71 foiz esa yangi qarz olmaslikni ma’qul ko‘rgan.
So‘rov ishtirokchilarining atigi 19 foizi qo‘shimcha daromad manbaiga ega. Ularning 58 foizida qo‘shimcha daromad oyiga 4 million so‘mdan kam. Eng katta guruh (28%) besh kishilik oilalardan iborat bo‘lib, aksariyat oilalarning o‘rtacha oylik asosiy daromadi 12 million so‘mdan oshmagan.
Source: www.gazeta.uz