O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7-iyul kuni kreativ iqtisodiyotni rivojlantirishga qaratilgan qonunni imzoladi. Hujjatga ko‘ra, 2026-yil 1-yanvardan 2030-yil 1-yanvarga qadar Prezident administratsiyasi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi hamda Kreativ industriya parki rezidentlari tomonidan jalb qilingan xorijiy kontragentlar qo‘shilgan qiymat solig‘i, foyda solig‘i va jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan ozod qilinadi.
Ushbu imtiyozlar faqat xorijiy kontragentlar kreativ industriya sohasiga bevosita bog‘liq ishlarni bajarish yoki xizmatlar ko‘rsatish uchun jalb etilganda qo‘llaniladi. Shuningdek, Madaniyat va san’at bo‘yicha xalqaro va davlatlararo tadbirlarni tashkil etish va o‘tkazish bilan bog‘liq davlat xaridlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida amalga oshirishga ruxsat berildi.
Yangi tashkil etilgan kreativ industriya subyektlari uchun Kreativ industriya parki rezidenti maqomini olish tartibi soddalashtirildi. Ularni qabul qilishda kreativ industriya sohasidagi faoliyatdan olingan daromadning minimal miqdori bo‘yicha shartlar inobatga olinmaydi. Biroq moliya yili yakunlari bo‘yicha belgilangan shartlar bajarilmagani aniqlansa, foydalanilgan imtiyozlar summasi qayta hisoblanib, budjetga undiriladi.
Prezident 2024-yil iyun oyida mamlakatning har bir hududida Kreativ industriya parki tashkil etilishini ma’lum qilgan edi. Shu yilning o‘zida kreativ iqtisodiyot to‘g‘risida alohida qonun qabul qilindi. Fevral oyida davlat rahbari Toshkent shahrida, Yangi Toshkent hududida va Nukusda Kreativ industriya parklarini tashkil etishni ma’qulladi.
Flagman obyekt Toshkent shahridagi Farobiy ko‘chasida, sobiq shahar onkologiya shifoxonasi hududida joylashadi. Loyiha uchun qariyb 9 gektar maydon ajratilgan. Yana bir obyekt Central Asia University va “Yangi O‘zbekiston” bog‘i yonida barpo etiladi. Nukusda esa rekonstruksiya qilingan angar negizida “Istiqlol” bog‘i tashkil etiladi.
Source: www.gazeta.uz