Navoiy viloyatining Qiziltepa tumanida 17 nafar bog‘cha tarbiyalanuvchisini Damas avtomobilida tashigan haydovchiga nisbatan chora ko‘rildi. Avtomobilda bolalardan tashqari yana bir nafar bog‘cha xodimasi ham bo‘lgan.
Zo‘r TV telekanalining “Bu kun” dasturida xabar qilinishicha, holat 21-iyul kuni Qiziltepa tumanidagi Vang‘ozi mahallasida aniqlangan. Huquqbuzarliklar profilaktikasi inspektorlari old o‘rindig‘ida uch nafar bola o‘tirgan Damas avtomobilini to‘xtatgan.
Tekshiruv davomida transport vositasida haydovchidan tashqari 17 nafar bog‘cha tarbiyalanuvchisi va bir nafar bog‘cha xodimasi borligi aniqlangan. Haydovchi huquqni muhofaza qiluvchi xodimlarning qonuniy talablariga bo‘ysunishni istamay, baland ovozda tortishgan va voqea joyidan ketishga uringan.
Shundan so‘ng bolalar transport vositasidan tushirilgan, haydovchiga esa yo‘l-patrul xizmati xodimlari tomonidan tegishli tartibda chora ko‘rilgan. Lavhada aytilishicha, haydovchining harakatlari sabab ayrim bolalar qo‘rqib yig‘lab yuborgan.
Haydovchi o‘z izohida soat 17:30 atrofida 17 nafar bog‘cha bolasini tashiganini, yo‘lovchi tashish qoidalariga amal qilmaganini va bolalarni xavf ostiga qo‘yganini tan oldi. “17 nafar bolani noqonuniy yuklab, yo‘lovchi tashish qoidalariga rioya qilmadim. Bolalarni xavf ostiga qo‘ydim. Bu holat boshqa takrorlanmaydi”, — dedi u.
Avvalroq Navoiy viloyatining Xatirchi tumanida Damas’da 20 nafar bog‘cha bolasini tashigan haydovchi aniqlangan edi. O‘shanda 2026-yil boshidan buyon Navoiy viloyatida bog‘cha tarbiyalanuvchilarini tashish bilan bog‘liq 34 ta qoidabuzarlik qayd etilgani ma’lum qilingandi. Holatlar asosan Nurota, Navbahor va Xatirchi tumanlarida kuzatilgan.
Xususan, may oyida Nurota tumanida 14 nafar bog‘cha bolasi bo‘lgan Matiz halokatga uchragandi. Rulda haydovchilik guvohnomasi olmagan oilaviy bog‘cha rahbari bo‘lgan. Hodisa oqibatida ayol vafot etgan, bolalar turli tan jarohatlari bilan shifoxonaga yetkazilgan.
Source: www.gazeta.uz