O‘zbekiston milliy terma jamoasi 6-oktabr kuni safarda Janubiy Koreya terma jamoasiga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazadi. Bu haqda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi xabar berdi.
Fabio Kannavaro boshchiligidagi terma jamoa oktabr oyida bir qator o‘rtoqlik uchrashuvlarini rejalashtirgan. Janubiy Koreya terma jamoasi tasdiqlangan ilk raqib bo‘ldi.
Uchrashuvning aniq boshlanish vaqti va o‘tkazilish joyi hozircha ma’lum qilinmagan. FIFAning xalqaro kunlari doirasidagi ushbu o‘yin O‘zbekiston terma jamoasi uchun muhim sinov bo‘ladi.
FIFA reytingida O‘zbekiston 60-o‘rinda, Janubiy Koreya esa 32-o‘rinda bormoqda. Osiyo jamoalari orasida O‘zbekiston yettinchi, Janubiy Koreya to‘rtinchi o‘rinni egallab turibdi.
Jamoalarning 2011-yildan buyon o‘tkazilgan so‘nggi to‘qqizta uchrashuvida O‘zbekiston terma jamoasi Janubiy Koreyani biror marta mag‘lub eta olmagan: koreyaliklar oltita g‘alaba qozongan, uchta o‘yin durang bilan yakunlangan. To‘plar nisbati 19:8 Janubiy Koreya foydasiga.
So‘nggi uchrashuv 2018-yil noyabr oyida bo‘lib o‘tgan va Janubiy Koreyaning 4:0 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlangan. 2018-yilgi jahon chempionati saralashida jamoalar Toshkentda durang (0:0) o‘ynagan, Seuldagi uchrashuv esa maydon egalarining 2:1 hisobidagi g‘alabasi bilan tugagan. 2015-yilgi Osiyo kubogida Janubiy Koreya chorak finalda O‘zbekistonni qo‘shimcha bo‘limlarda 2:0 hisobida mag‘lub etgan.
Source: www.gazeta.uz