8-iyul kuni Andijon viloyati Baliqchi tumani jinoyat ishlari sudida Rossiya-Ukraina urushida qatnashish uchun Rossiya qurolli kuchlariga yollangan 23 yoshli fuqaro N.U.ga nisbatan jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. Sud hujjatlari bilan tanishgan Gazeta ma'lumotlariga ko‘ra, N.U. 2021-yil sentabrda mehnat migranti sifatida Moskvaga borib, avtosalonda ishlagan.
2022-yil avgust oyida u giyohvandlik moddalari savdosi bilan bog‘liq gumon bilan qo‘lga olingan va 2023-yil sentabrda Bryansk viloyati sudi tomonidan 9 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Jazoni o‘tayotgan vaqtida, 2025-yil avgust oyida u Rossiya mudofaa bo‘limi bilan harbiy xizmat shartnomasini imzolagan. Sudlanuvchining so‘zlariga ko‘ra, u izolyatorda muddatni uzaytirish deb imzo qo‘ygan hujjat aslida harbiy shartnoma bo‘lgan.
Shartnoma tuzilgach, N.U.ga harbiy guvohnoma berilgan va u oddiy askar sifatida xizmatga qabul qilingan. U Lugansk shahri yaqinidagi harbiy poligonda 12 kun davomida jangovar tayyorgarlikdan o‘tgan. Mashg‘ulotlar davomida unga qurol-yarog‘dan foydalanish va birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish o‘rgatilgan.
Biroq N.U. poligondan qochishga qaror qilgan. 2025-yil 9-sentabr kuni u ikki hamrohi bilan birga harbiy dala lageridan qochib, Lugansk chekkasidagi bir qishloqda keksa fuqaroning uyida uch oyga yaqin yashiringan. Keyin ular Belgorodga yo‘l olgan, hamrohlari uylariga ketgan, N.U. esa ukasi yuborgan 2500 dollar evaziga Moskvaga yetib borgan.
Moskvada bir necha kun yashagach, u onlayn tarzda “Domodedovo — Toshkent” aviachiptasini sotib olgan va 2026-yil 15-yanvarda O‘zbekistonga qaytgan. Sudda N.U. aybini to‘liq tan olgan va qilgan ishidan pushaymonligini bildirgan.
Sud N.U.ni O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 154-moddasi 1-qismi (Yollanish) bilan aybdor deb topgan. Biroq uning aybiga iqror bo‘lgani, pushaymonligi, ilgari sudlanmagani va oilaviy ahvolini inobatga olib, yengilroq jazo tayinlangan. Natijada unga ikki yil olti oy muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi belgilangan bo‘lib, ish haqining 20 foizi davlat daromadiga ushlab qolinadi.
Source: www.gazeta.uz