Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni I darajali “Manas” ordeni bilan taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabar qildi.

Qirg‘izistonning yuksak mukofotini O‘zbekiston rahbariga prezident Sadir Japarov topshirdi. Marosim ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlikni mustahkamlash ramzi sifatida o‘tkazildi.

O‘zbekiston yetakchisi qardosh Qirg‘iziston prezidenti va xalqiga chuqur minnatdorlik bildirib, ushbu mukofotni ikki xalq o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik rishtalarini mustahkamlash borasidagi birgalikdagi sa’y-harakatlar hamda O‘zbekiston va Qirg‘iziston munosabatlarini yangi tarixiy bosqich — ittifoqchilik darajasiga olib chiqishga qaratilgan mushtarak intilishlarning yuksak e’tirofi sifatida qabul qilishini ta’kidladi.

1996-yilda ta’sis etilgan “Manas” ordeni Qirg‘izistonning oliy davlat mukofotlaridan biri hisoblanadi. Respublika va xorij fuqarolariga davlatchilik va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, xalqlar o‘rtasida tinchlik, do‘stlik va o‘zaro anglashuv rishtalarini rivojlantirishga qo‘shgan ulkan hissasi uchun beriladi.

Source: www.gazeta.uz