Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva 30-iyul kuni Toshkentning Mirobod tumanidagi Lolazor mahallasiga tashrif buyurdi. Bu poytaxtdagi “zamonaviy” mahalla binolarini qurish bahonasida daraxtlar, bolalar va futbol maydonchalari yo‘q qilinayotgan ko‘plab mahallalardan biridir. Prokuratura, sudlar va boshqa idoralar ko‘pincha bu holatlarda qonunbuzilishlarni ko‘rmayapti, qurilish kompaniyalari esa norozi aholini sud bilan qo‘rqitishi mumkin.
Lolazor mahallasidagi vaziyat haqida bir necha kun avval mahallada yashovchi Yevgeniya Muminova yozgan edi. “Obyekt pasportiga ko‘ra, binoning balandligi 27,5 metrni (9 qavatli uyga teng) tashkil etadi. Jamoatchilik bilan muhokamalar o‘tkazilmagan. Qurilishga ruxsat berish uchun 2026-yil 21-yanvarda bo‘lib o‘tgan [xalq deputatlari shahar] kengashi yig‘ilishi asos qilib olingan, unda tuman hokimligi vakillari hamda mahalla aholisidan atigi bitta vakil qatnashgan”, — deyilgan edi xabarda.
“Mirobod tumani prokuraturasi bir qavatli binoni rekonstruksiya qilish uchun berilgan ruxsatnoma asosida ko‘p qavatli obyekt qurilayotganida qonunbuzilish ko‘rmadi. Yaqin atrofdagi uylar aholisi bolalar maydonchasi o‘rnida avtoturargoh qurilishining qonuniyligini ko‘rib chiqishni so‘rab murojaat qildi, ammo prokuratura xodimlari mazmunli javob bermay, faqat qurilish uchun ruxsat olinganini ko‘rsatish bilan cheklandi. Biroq aholi avtoturargoh uchun yer ajratilishining qonuniyligi va turar joylar orasida alohida baland bino qurish uchun huquqiy asoslar bor-yo‘qligini tekshirishni talab qilmoqda”, — deb yozgan edi mahalla aholisi vakili.
“Mamlakat rahbariyati bizga ko‘proq yashil hududlar, bolalar uchun o‘yin maydonchalari, kattalar uchun sport maydonlari va hatto har bir tumanda basseyn va’da qilgan edi. Nega uning o‘rniga yana har bir bo‘sh yerga ko‘p qavatli binolar qurilayotganini ko‘ryapmiz? Bizga avtoturargohli bino emas, sport maydoni va yashil hudud kerak!” — deb yozgan u.
Bir kun avval esa Gazeta mahallaning yana bir faoli Anatoliy Osipovning maktubini e’lon qilgan edi. Unda u tuman hokimligining obodonlashtirish xizmati xodimlari o‘zi uch yil davomida parvarish qilgan yosh daraxtlarni ayovsiz kesib tashlaganini ma’lum qilgan.
Saida Mirziyoyeva: “Mahalla ahli ekkan daraxtlar shafqatsizlarcha kesib, qo‘porib tashlanganiga guvoh bo‘ldik. Bolalar maydonchasi o‘rniga esa biznes markazi qurish rejalashtirilibdi”, — deya tasdiqladi.
“Odamlar dod deganicha bor — qurilishlar tufayli poytaxtdagi umumiy hovlilar, o‘yin va sport maydonchalari tag-tugi bilan yo‘q qilib yuborilyapti”, — deb yozdi Prezident administratsiyasi rahbari.
“Aholi foydalanishi uchun ajratilgan shahar hududlari ofis yoki turar joy binolarini qurishga mo‘ljallanmagan, ular o‘z vazifasiga ko‘ra xizmat qilishi zarur”, — deya ta’kidladi u.
Uning ma’lum qilishicha, Bosh prokuratura butun Toshkent shahri bo‘yicha bunday obyektlarni to‘liq inventarizatsiyadan o‘tkazadi.
“Qurilish uchun berilgan ruxsatnomalarning qonuniyligi, shaharsozlik me’yorlari va aholi huquqlariga qay darajada rioya qilinganini tekshirish shart. Agar qonunbuzarlik holatlari aniqlansa, mas’ul shaxslarga nisbatan murosasiz jazo choralari ko‘riladi, aybdorlar, kerak bo‘lsa, hatto ozodlikdan mahrum etiladi”, — dedi Saida Mirziyoyeva.
Gazeta ma’lumotiga ko‘ra, Lolazor mahallasidagi loyiha yuzasidan prokuratura allaqachon tekshiruv olib bormoqda.
Mahalla aholisi shu mahallada yana bir hudud to‘siq bilan o‘rab olingani va u yerda ham bolalar maydonchasi yo‘qolganini bildirmoqda. Bundan tashqari, avvalroq yana ikkita hovli ham qurilish bilan band qilingan.
Suratlarda Prezident administratsiyasi rahbariga Toshkent shahri prokurori Anvar O‘rmonov, uning mustaqil maslahatchisi va Prezident administratsiyasining AQShdagi vakili Komil Allamjonov, Prezident administratsiyasining Jamoat xavfsizligi va qonun ustuvorligi bo‘yicha departamenti boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Aziz Azimov, poytaxt hokimining qurilish, to‘siqlarsiz muhit yaratish, kommunikatsiyalarni rivojlantirish, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Rahmonov hamda boshqalar hamrohlik qilganini ko‘rish mumkin.
Gazeta hovlilar qurilish maydoniga aylantirilgan bir nechta shunday holatlar haqida yozgan. Yaqinda Cho‘lpon mahallasi haqida chiqqan materialdan so‘ng u yerdagi qurilish bekor qilindi. Biroq bungacha aholi qurilishga qarshi bir yildan ortiq kurashib, uchta sudda mag‘lub bo‘lgan edi. Yana bir mahalla haqidagi material yaqin kunlarda e’lon qilinadi.
Source: www.gazeta.uz