Sirdaryo viloyati sudining apellyatsiya instansiyasi 18 yoshli qizga nisbatan mayda bezorilik uchun tayinlangan ma’muriy javobgarlik qarorini bekor qildi. Bu haqda viloyat sudlari matbuot xizmati xabar berdi.
Avvalroq zo‘ravonlikka qarshi kurashuvchi Nemolchi.uz loyihasi voqeani yoritgan edi. Unga ko‘ra, 26 yoshli Sardorjon Hayitboyev mahalliy sport maktabida murabbiy-o‘qituvchi bo‘lib ishlagan, jabrlanuvchi qiz esa uning sobiq shogirdi bo‘lgan. Hodisa 17-iyul kuni, qiz 18 yoshga to‘lganidan taxminan ikki hafta o‘tgach sodir bo‘lgan.
Sobiq murabbiy qizni bog‘da uchratib, jinsiy aloqa qilishni taklif etgan va shahvoniy xususiyatga ega harakatlarni sodir etgan. Sardorjon Hayitboyev Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41¹-moddasi 1-qismiga muvofiq shahvoniy shilqimlikda aybdor deb topilib, besh sutka ma’muriy qamoq jazosiga hukm qilingan.
Shu bilan birga, qizga nisbatan ham ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. Sayxunabod tumani jinoyat ishlari bo‘yicha sudining 28-iyuldagi qarori bilan u 183-modda (mayda bezorilik) bo‘yicha aybdor deb topilib, 1 million 236 ming so‘m jarimaga tortilgan. Nemolchi.uz loyihasi bu qarorni keskin tanqid qilib, “Qizning baqirgani kimning osoyishtaligini buzdi — unga shilqimlik qilayotganini eshitgan yo‘lovchilarnikinimi yoki rejasini amalga oshira olmagan murabbiynikinimi?” degan savolni o‘rtaga tashlagan.
Qiz ushbu qaror ustidan shikoyat qilgan. Sirdaryo viloyati sudining apellyatsiya instansiyasi ishni qayta ko‘rib chiqib, birinchi instansiya qarorini bekor qilgan. Qizga nisbatan ish Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 271-moddasi 1-qismiga asosan, ma’muriy huquqbuzarlik hodisasi mavjud emasligi sababli tugatilgan.
Prezident Administratsiyasi rahbarining o‘rinbosari Nodira Hakimova mart oyida shahvoniy shilqimlik uchun belgilangan besh sutkalik ma’muriy qamoq jazosi yetarli emasligi va juda rasmiy tusga ega ekanini ta’kidlagan edi. U bu fikrni jazolarni kuchaytirish rejalari yuzasidan bildirgan.
Nemolchi.uz loyihasi avvalroq O‘zbekistonda ayrim hollarda bolalarga nisbatan sodir etilgan buzuq harakatlar jinoyat emas, balki shahvoniy shilqimlik sifatida baholanib, ma’muriy huquqbuzarlik deb kvalifikatsiya qilinayotganiga e’tibor qaratgan. Eslatib o‘tamiz, avvalroq xizmat safari chog‘ida mehmonxonada hamkasbini yaqinlik qilishdan bosh tortgani uchun yostiq bilan bo‘g‘gan erkak shahvoniy shilqimlik uchun besh sutkaga qamalgan edi.
Source: www.gazeta.uz