Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbek adabiyotining yirik namoyandasi, xalq yozuvchisi O‘tkir Hoshimov tavalludining 83 yilligi munosabati bilan uning hayoti va ijodiga oid qiziqarli test tayyorlandi. Ushbu test orqali adibning boy merosi, asarlari va tarjimalari haqidagi bilimlaringizni sinashingiz mumkin.

O‘tkir Hoshimov 1941-yil 5-avgustda Toshkent shahrida tug‘ilgan. U 1964-yilda Toshkent Davlat universiteti (hozirgi Milliy universitet)ning jurnalistika bo‘limini tamomlagan. Mehnat faoliyatini 1959−1960-yillarda “Temiryo‘lchi” gazetasida boshlagan adib 1966−1982-yillari “Toshkent oqshomi”da, 1982−1985-yillarda G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyotida ishlagan. 1985−1995-yillari esa “Sharq yulduzi”da bosh muharrir, 1995−2005-yillarda Oliy Majlisning Matbuot va axborot qo‘mitasi raisi bo‘lgan.

Ijodkorning ilk asari 1962-yilda “Po‘lat chavandozlar” nomli ocherklar to‘plami sifatida nashr qilingan. Keyinchalik “Cho‘l havosi” (1964) va “Odamlar nima derkin” (1965) qissalari chop etilgan. 1973−1993-yillarda u “Qalbingga quloq sol”, “Ikki karra ikki-besh”, “Dunyoning ishlari” qissalarini, “Nur borki, soya bor”, “Ikki eshik orasi” va “Tushda kechgan umrlar” kabi romanlarni yozgan. “Bahor qaytmaydi” qissasi 1972-yilda suratga olingan shu nomli filmga asos bo‘lgan.

O‘tkir Hoshimov nafaqat o‘z asarlari, balki tarjimalari bilan ham tanilgan. U Ernest Heminguyey, Konstantin Simonov singari jahon adabiyoti namoyandalarining asarlarini o‘zbek tiliga o‘girgan. Shuningdek, “To‘ylar muborak”, “Sizdan ugina, bizdan bugina”, “Inson sadoqati”, “Qatag‘on” kabi pesalarning muallifi hamdir.

Adib “El-yurt hurmati” ordeni bilan taqdirlangan bo‘lib, 2013-yil 24-mayda vafot etgan. Uning adabiy merosi bugungi kunda ham o‘zbek o‘quvchilari qalbidan chuqur joy olgan. Test orqali siz ham ushbu buyuk ijodkor haqidagi bilimlaringizni mustahkamlashingiz mumkin.

Source: www.gazeta.uz