Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Farg‘ona viloyatida huquq-tartibot organlari tomonidan “Mansur Kazanskiy” laqabi bilan tanilgan va uyushgan jinoyatchilik bilan aloqador Mansur Aripov qo‘lga olindi. U 200 ming dollar talab qilganlikda gumon qilinmoqda.

Viloyat IIB ma’lumotlariga ko‘ra, Aripov Toshkentlik fuqarodan 1 million 200 ming dollarlik noturarjoy binosini bank krediti hisobiga, ushbu obyektni garovga qo‘yib sotib olishga kelishgan. Bino notarial tartibda uning nomiga rasmiylashtirilgach, u kredit shartlari va foiz stavkalari bilan tanishib, qarz olishdan bosh tortgan. Ammo obyektni qonuniy egasiga qaytarish o‘rniga, uni qayta ro‘yxatdan o‘tkazish uchun 200 ming dollar talab qilgan.

Bundan tashqari, Aripov 1968-yilda tug‘ilgan sherigi bilan birga jabrlanuvchining biznes hamkoriga bosim o‘tkazib, uni kompromat materiallar bilan shantaj qilgan va jinoiy javobgarlikka tortish bilan qo‘rqitgan.

Farg‘ona viloyati IIB va Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda gumonlanuvchi Farg‘ona shahridagi Burhoniddin Marg‘inoniy ko‘chasida joylashgan notarial idorada 100 ming dollar olayotgan vaqtda qo‘lga olingan. Ushbu holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 165-moddasi (tovlamachilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, shaxslar protsessual tartibda ushlangan. Ushbu shaxslarning harakatlaridan jabr ko‘rgan fuqarolar 102 raqamiga murojaat qilishlari so‘raladi.

Source: podrobno.uz