O‘zbekistonlik qurilish mutaxassislari uchun Serbiyada 120 ta bo‘sh ish o‘rni taklif etilmoqda. Bu haqda Migratsiya agentligining Xorijda ish Telegram kanalida ma’lum qilindi.
Ish vaqti 5 kunlik ish haftasida soat 7:00 dan 17:00 gacha belgilangan. Tanlab olingan nomzodlar bilan kamida 1 yil muddatga, uzaytirish imkoniyati bilan mehnat shartnomasi tuziladi.
Talab qilinayotgan yo‘nalishlar va ish haqi miqdori: qurilish mutaxassislari uchun oylik maosh 800-1200 yevroni tashkil etadi. Aniq miqdor mutaxassislik darajasiga qarab belgilanadi.
Tanlovda tegishli yo‘nalish bo‘yicha O‘zbekistonda akkreditatsiyadan o‘tgan muassasa diplomi yoki sertifikatiga hamda kamida 5 yillik ish tajribasiga ega bo‘lgan fuqarolar ishtirok etishi mumkin. Nomzodlardan ingliz tilini boshlang‘ich darajada bilish talab etiladi, rus tilini bilish ustunlik beradi. Shuningdek, sudlanmaganlik, jismonan sog‘lomlik va balandlikda ishlay olish (kran operatorlari uchun) shartlari qo‘yilgan.
Ish beruvchi tomonidan ish vizasi va ruxsatnomasini rasmiylashtirish, O‘zbekistondan Serbiyaga uchib borish va aeroportdan transfer, yashash joyi, kuniga 2 mahal ovqatlanish hamda tibbiy sug‘urta xarajatlari to‘liq qoplab beriladi.
Arizani onlayn shaklda ushbu havola orqali qoldirish mumkin. Tanlovda ishtirok etish uchun ro‘yxatdan o‘tish 20-avgustga qadar davom etadi. Ish beruvchi bilan onlayn suhbat jarayonlari 25-28-avgust kunlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Source: www.gazeta.uz