14-avgust kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahri Yashnobod tumani sudida “O‘zbekneftgaz” boshqaruvining sobiq raisi Bahodirjon Sidiqov va boshqa sudlanuvchilarga nisbatan ishni ko‘rib chiqish davom ettirildi. Sud majlisi avvalida raislik qiluvchi sudya Jasurbek Ubaydullayev Sidiqovning advokati Husanovning ehtiyot chorasini o‘zgartirish haqidagi iltimosnomasini ko‘rib chiqdi.
Advokat oldingi majlisda “O‘zbekneftgaz” sobiq rahbarining sog‘lig‘i yomonlashgani, shuningdek, Sidiqov deputatlik daxlsizligi buzilgan holda qo‘lga olingani sababli ehtiyot chorasini o‘zgartirishni so‘ragandi. Qayd etilishicha, u qo‘lga olingan vaqtda Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi deputati bo‘lgan. Prokuror bu iltimosnomani qanoatlantirishga qarshi chiqdi, boshqa sudlanuvchilarning advokatlari esa himoyachining so‘rovini qo‘llab-quvvatladi yoki qaror qabul qilishni sudning ixtiyoriga qoldirdi.
Sud muhokama yakunlari bo‘yicha advokatning ehtiyot chorasini o‘zgartirish haqidagi iltimosnomasini qanoatlantirmasdan qoldirdi. Shundan so‘ng prokuror sud jarayonini yopiq rejimga o‘tkazish to‘g‘risida iltimosnoma kiritdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, muhokama davomida maxfiy hujjatlar yoki “XDFU” — “xizmat doirasida foydalanish uchun” belgisi qo‘yilgan materiallar ko‘rib chiqilmoqda.
Sud jarayon ishtirokchilarining fikrlarini tingladi. Advokatlarning bir qismi prokurorning iltimosnomasini qo‘llab-quvvatladi, boshqalari esa qaror qabul qilishni sudning ixtiyoriga qoldirdi. Sidiqovning advokati Husanov iltimosnomani faqat qisman qanoatlantirishni so‘radi. U ko‘rib chiqilayotgan materiallarning bir qismi maxfiy emasligi va faqat XDFU belgisiga ega ekaniga e’tibor qaratdi. Himoyachi faqat shunday hujjatlarni o‘rganish vaqtidagina majlisni jamoatchilik uchun yopishni, jarayonning qolgan qismini esa ochiq qoldirishni taklif qildi.
Bu pozitsiyani Sidiqovning yana bir advokati — Mo‘minov ham qo‘llab-quvvatladi. Sidiqovning o‘zi ham o‘z advokatlarining pozitsiyasini ma’qulladi. “O‘zbekneftgaz” boshqaruvi raisining sobiq o‘rinbosari Baxtiyor Anarqulov ham prokurorning iltimosnomasini qisman qanoatlantirish tarafdori bo‘ldi. Boshqa sudlanuvchilar jarayonni yopiq rejimga o‘tkazishni qo‘llab-quvvatladi yoki bu masalani sudning ixtiyoriga qoldirdi.
Muhokama yakunlari bo‘yicha sud jinoyat ishini ko‘rib chiqishni yopiq rejimda davom ettirishga qaror qildi. Sudya qarorni e’lon qilgach, fuqaroviy javobgarlarga zalda qolishlari mumkinligini aytdi. Jurnalistlar va yopiq jarayon ishtirokchisi bo‘lmagan boshqa shaxslar majlisni tark etdi.
Bahodirjon Sidiqov va boshqa sudlanuvchilarning ishi Jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tumani sudi tomonidan ko‘rib chiqilmoqda. Jarayonni yopish to‘g‘risidagi qarorga qadar majlislar ochiq rejimda o‘tgan, OAV vakillari zalda hozir bo‘lishi va muhokamani matnli tarzda yoritib borishi mumkin edi. Sud hozircha ish bo‘yicha hukm chiqargani yo‘q hamda ayblov va himoya tomonining vajlariga yakuniy baho bermadi. Aybsizlik prezumpsiyasi tamoyiliga muvofiq, sudlanuvchilar ularning aybi sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi bilan isbotlanmaguncha aybsiz hisoblanadi.
Source: www.gazeta.uz