Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Prezident Shavkat Mirziyoyev 18-avgust kuni Xorazm viloyatida tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazib, energiya resurslari uchun oldindan to‘lov tizimida muhim o‘zgarishlar bo‘lishini ma’lum qildi.

Yangi tartibga ko‘ra, elektr energiyasi (ASKUE) va gaz (ASKUG) hisobga olish tizimlariga ulangan hamda to‘lov intizomini buzmaydigan korxonalar uchun avans to‘lovi miqdori 100 foizdan 15 foizgacha kamaytiriladi.

Davlat rahbari tadbirkorlarning 100 foizlik oldindan to‘lov talabi ularning aylanma mablag‘lariga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani haqidagi shikoyatlarini eshitganini ta’kidladi. “Umuman, energetika bo‘yicha boshqaruv tizimini tubdan o‘zgartiryapmiz. Barcha tumanlarda tadbirkorlarning hozirgi ehtiyoji va ertangi rejasiga qarab ishlaydigan yangi tizim bo‘ladi”, dedi u.

Eslatib o‘tamiz, yuridik shaxslar uchun elektr va gaz uchun 100 foizlik oldindan to‘lov talabi 2024-yil 1-iyuldan joriy qilingan edi. Shunga o‘xshash tartib 2017-yil iyulidan 2019-yil fevraligacha ham amalda bo‘lgan, keyin avans miqdori 50 foizgacha tushirilgan edi.

2023-yil oxirida Energetika vazirligi 100 foizlik avansga qaytishni iste’molchilarning qoidabuzarliklari, jumladan, hisobga olish uskunalarining yetishmasligi sababli elektr tarmoqlariga o‘zboshimchalik bilan ulanish va iste’mol ma’lumotlarini buzib ko‘rsatish holatlari bilan izohlagan edi.

Prezident, shuningdek, 2027-yildan boshlab qurilish sohasida pudrat va loyiha tashkilotlarini rag‘batlantirish bo‘yicha yangi yondashuv joriy etilishini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, har bir odam-soat uchun mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 5 foizi miqdorida mablag‘ ajratiladi.

Davlat obyektlari smetasida pudrat tashkilotlari uchun 7 foiz miqdorida foyda ko‘zda tutiladi. Shuningdek, obyektning murakkabligiga qarab loyiha ishlariga uning qiymatining 4 foizidan 7 foizigacha mablag‘ ajratilishi rejalashtirilgan.

Source: www.gazeta.uz