O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 18 avgust kuni Xorazm viloyatida tadbirkorlar bilan ochiq muloqotda yillik daromadi 1 trillion so‘mdan oshadigan 50 ta yirik kompaniyani fond bozoriga chiqarish bo‘yicha yangi dasturni e’lon qildi.
Ushbu kompaniyalar uchun yetakchi investitsiya banklari bilan hamkorlikda maxsus akseleratsiya dasturi ishga tushiriladi. Davlat biznesning IPOga tayyorgarlik ko‘rish va moliyaviy hisobotlarni xalqaro standartlarga moslashtirish xarajatlarining yarmini o‘z zimmasiga oladi.
Prezidentning ta’kidlashicha, mahalliy korxonalarni birja maydonchalariga tizimli ravishda chiqarish xususiy sektorga har yili xorijdan kamida 1 milliard dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya jalb qilish imkonini beradi. Bu O‘zbekiston iqtisodiyotini diversifikatsiya qilish va moliyaviy bozorlarni rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadamdir.
Muvaffaqiyatli namuna sifatida Milliy investitsiya fondining 30 foiz ulushi Toshkent va London fond birjalariga chiqarilgani keltirildi. Ushbu fond 13 ta strategik kompaniya aktivlarini birlashtiradi. Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, bu amaliy tajriba o‘zbek biznesiga tashqi kapital bozorlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘l ochdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda tadbirkorlar auksionda uchastka sotib olgach, darhol qurilishni boshlashlari mumkinligi, ruxsat hujjatlarini yig‘ish uchun 6 oydan 12 oygacha vaqt sarflamasliklari haqida xabar berilgan edi. Er uchastkalari tayyor paket bilan — arxitektura-rejalashtirish topshirig‘i, loyiha va qurilish ruxsati bilan savdoga chiqariladi.
Source: podrobno.uz