Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 18-avgust kuni mamlakatdagi birinchi pullik avtomobil yo‘li bo‘lgan Urganch-Xiva yo‘li bo‘ylab harakatlandi. Ushbu yo‘l Urganch aeroportidan boshlanib, bir kun avval ochilgan yangi temiryo‘l yoqalab o‘tadi.

Loyiha doirasida 35 kilometr avtomobil yo‘li, 1 ta yerosti tunneli, 8 ta yo‘l o‘tkazgich, 15 ta ko‘prik va 106 ta suv o‘tkazish inshooti barpo etildi. Yo‘l bo‘yida xizmat ko‘rsatish va servis obyektlarini barpo etish rejalashtirilgan.

Yo‘lning o‘tkazuvchanlik qobiliyati sutkasiga 30 mingtadan ortiq transport vositasini tashkil etadi. Uning ochilishi yo‘lga ketadigan vaqtni 45−50 daqiqadan 15−17 daqiqagacha qisqartirishi kutilmoqda.

Transport oqimini va to‘lov tizimini boshqarish raqamli yechimlar yordamida amalga oshiriladi. Yo‘l haqini transportni to‘xtatmasdan elektron shaklda, shuningdek, bank kartasi yoki QR kod orqali to‘lash mumkin bo‘ladi. Maxsus transport vositalari to‘siqsiz harakatlanishi uchun maxsus yo‘laklar ajratilgan.

Yo‘l qurilishi fevral oyida boshlangandi. Loyiha qiymati 120 mln dollarga baholangan. Ma’lum qilinishicha, yangi yo‘lda yo‘l qoplamasining qalinligi 87 sm ni tashkil etadi, yuqori qatlamda issiq iqlimga chidamli modifikatsiyalangan bitum aralashmasidan foydalanilgan.

Yaqinda prezident pullik avtomobil yo‘llarini tashkil etishning huquqiy asoslari belgilangan “Avtomobil yo‘llari to‘g‘risida”gi qonunning yangi tahririni imzolagandi. Qonun pullik yo‘llarning majburiy sharti sifatida muqobil bepul yo‘llar bo‘lishi kerakligini belgilaydi.

Source: www.gazeta.uz