Toshkent shahri Yakkasaroy tumanidagi Yunus Rajabiy mahallasining 60-uy hovlisida kechqurun odamlar gavjum. Bu yerda istiqomat qiluvchi kattalar va bolalar, shuningdek, qo‘shni uylar aholisi futbol maydoni yoniga yig‘ilib, Yunus Rajabiy hamda Yashnobod tumanidagi Santos Junior bolalar jamoalari o‘rtasidagi o‘yin boshlanishini kutmoqda.
Raqamli futbolkalar kiygan bolalar darvoza yonida qizishmoqda. Ularning ostida rezina mayda zarrachalardan iborat qoplamali yangi sun’iy gazon yotqizilgan. Maydonning atrofi va tepa qismi esa mini-futbol uchun mo‘ljallangan to‘liq jihozlangan maydonlardagi kabi to‘r bilan o‘ralgan.
Iyun oyining boshlarida butun mahalladagi yagona, shu bois bolalar orasida talab yuqori bo‘lgan futbol maydoni hozirgidan butunlay boshqacha ko‘rinishda edi. U qoplamasi va to‘siqlari bo‘lmagan, notekis, oyoqlar bilan taptalgan oddiy maydon edi. Uning o‘rnida besh qavatli ofis binosi qurish rejalashtirilgan. Maydonni bolalar uchun saqlab qolish va hovlini qurilishdan asrash maqsadida aholi to‘rt yil davomida sudlarda o‘z huquq va manfaatlarini himoya qildi. Bu jarayonni Gazeta muntazam kuzatib bordi va jami 10 ta material e’lon qildi.
Hikoya 2022-yilda boshlangan. O‘shanda 60-uy aholisi tasodifan e-auksion.uz saytida maydoni 0,0561 gektar bo‘lgan uylararo hudud sotuvga qo‘yilganini aniqladi. Futbol maydoni va yashil hudud joylashgan ushbu yer tadbirkorga ofis binosi qurish uchun sotilgan. Aholi bir necha sud jarayonlarida yutqazdi. Biroq 2024-yil dekabr oyida Toshkent shahar ma’muriy sudining reviziya kollegiyasi loyihani kelishish to‘g‘risidagi qarorni bekor qildi. 2026-yil boshida O‘zbekiston Bosh prokuraturasi ushbu qarorga nisbatan protest kiritdi va ish Oliy sudgacha yetib bordi. 14-may kuni Oliy sud kollegiyasi yakuniy qaror bilan aholi tomonini qo‘llab-quvvatladi.
Aholi hovli va maydonni saqlab qolish uchun kurashgan davrda mahalladagi bolalar bu yerda to‘p tepishda davom etdi, Toshkent futbol assotsiatsiyasi esa 2023-yildan buyon muntazam ravishda turnirlar o‘tkazib kelmoqda. Bu turnirlar, jumladan, hovlilardagi futbol maydonlari o‘rnida qurilishlar amalga oshirilishi muammosiga e’tibor qaratish maqsadida tashkil etilgan. To‘rtta tuman jamoalari ishtirokidagi so‘nggi turnir iyun oyining boshida — Oliy sud qarori qabul qilinganidan ko‘p o‘tmay — bo‘lib o‘tdi va aholi uchun g‘alaba ramziga aylandi. O‘shanda faollar yer uchastkasini rasmiylashtirib, uni Toshkent futbol assotsiatsiyasining futbol maydonlari reyestriga kiritish va maydonni obodonlashtirish ishlarini boshlashga umid bildirgan.
Bu imkoniyat bundan oldinroq paydo bo‘ldi — Carvon va Trest-12 kompaniyalari mahallaga murojaat qilib, futbol maydonini tartibga keltirish taklifini bildirdi.
“Men hali mahalla raisi bo‘lgan paytimda ham bu maydon haqida ko‘p gapirganmiz, uni saqlab qolishga harakat qilganmiz. Bugun esa sizlarga endi kompaniya vakili sifatida murojaat qilayotganimdan juda xursandman. Chunki kompaniyamiz tufayli ko‘p yillik orzuimiz nihoyat amalga oshdi. O‘zbekiston terma jamoasi ilk bor jahon chempionatiga chiqqan yilda bu voqea yuz berayotgani ayni ramziy ma’noga ega”, — dedi yangilangan maydonning ochilish marosimida Carvon va Trest-12 kompaniyalari guruhining ijtimoiy loyihalar rahbari Asal Toshpulatova.
Asal Toshpo‘latova. Uning so‘zlariga ko‘ra, ishlar qariyb ikki hafta davom etgan. Maydonga rezina mayda zarrachalari qo‘shilgan yangi qoplama yotqizildi, mini-futbol standartlariga muvofiq maydon atrofi va yuqori qismi to‘r bilan o‘raldi. Maydon atrofida yugurish yo‘lakchasi tashkil qilinib, zaxiradagi o‘yinchilar uchun o‘rindiqlar o‘rnatildi.
Kompaniyalar uchun bu O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan ilk ijtimoiy loyiha hisoblanadi. Kelgusida ular Toshkentning boshqa tumanlaridagi futbol maydonlarini ham yangilashni, loyiha muvaffaqiyatli bo‘lsa, poytaxtdan tashqari hududlarda ham shunday ishlar amalga oshirishni rejalashtirmoqda.
Toshkent futbol assotsiatsiyasi vitse-prezidenti, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan murabbiy Azamat Abduraimov ham aholiga maydonni saqlab qolish uchun kurashda yordam bergan. Uning fikricha, maydon ochilgan kun mahalla va umuman Toshkent futboli uchun eng quvonchli kunlardan biri bo‘ldi.
“Ana shunday maydonlarda bolalar katta futbol ustalari — Shomurodovlar, Qosimovlar bo‘lib voyaga yetadi. Bu bizning kelajagimiz. Ular chempion yoki futbol yulduzi bo‘lmasa ham, eng muhimi — sog‘lom bo‘lib ulg‘ayadi”, — dedi u.
Azamat Abduraimov. Abduraimovning aytishicha, maydonda mahalla va qo‘shni hovlilarda yashovchi bolalar uchun Tashkent Kids futbol dasturi seksiyasi ish boshlaydi.
“Hamma ham “Paxtakor” yoki “Bunyodkor”ga kira olmaydi — u yerda saralov o‘tkaziladi. Ammo biz futbolni yaxshi ko‘radigan bolalarga yordam bersak, ularni futbol o‘ynashga o‘rgatsak va telefonda o‘tirib qolishining oldini olsak — bu biz uchun eng katta g‘alaba bo‘ladi”, — dedi Abduraimov.
Rasman, yer uchastkasining maqomi o‘zgarmagan. U hanuz shahar yer zaxirasida hisobda turibdi va kadastrdan rasmiy ro‘yxatdan o‘tkazilmagan.
“Mahallamiz vakillari bu masala bo‘yicha allaqachon hokimiyatga murojaat qildi. Umid qilamizki, murojaatimiz ijobiy hal etiladi”, — dedi 60-uyda yashovchi va faol Mukarram Bahramxo‘jayeva.
Uchrashuv tomoshabinlari orasida Yakkasaroy tumani hokimi Nilufar Allabergenova ham bor edi.
Asal Toshpulatova kompaniyalar bu masalani hal etishda ham yordam berishga tayyor ekanini ta’kidladi. U shahar va tuman hokimliklari ko‘magiga tayangan holda, maydonni futbol maydonlari reyestriga kiritishga, shundan so‘ng esa uni kadastrdan rasmiylashtirishga erishish niyatida.
“Biz uchun bu hujjatni rasmiylashtirish muhim. Shunda ertaga ham, bir yildan keyin ham, 10 yildan keyin ham bu maydon mahalla bolalari uchun xizmat qiladi”, — deya ta’kidladi u.
Source: www.gazeta.uz