O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Turkiyaga amaliy tashrifi doirasida mamlakatning mashhur «Baykar» kompaniyasi majmuasida bo‘ldi. Tashrif davomida yuqori texnologiyalar, xususan, mudofaa sanoati sohasidagi so‘nggi yutuqlar va istiqbolli loyihalar bilan yaqindan tanishish imkoni yaratildi.
Safar chog‘ida ta’kidlanishicha, mazkur kompaniya erishgan yuqori natijalar zamirida ko‘p yillik chuqur ilmiy izlanishlar, iqtidorli muhandislar jamoasining tinimsiz mehnati hamda milliy texnologiyalarni rivojlantirishga yo‘naltirilgan salmoqli investitsiyalar mujassam. Bu kabi yondashuvlar sanoat tarmoqlarini modernizatsiya qilishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Saida Mirziyoyeva o‘z navbatida Turkiyaning bu boradagi boy tajribasi O‘zbekiston uchun ham amaliy ahamiyatga ega ekanini alohida qayd etdi. Shuningdek, ikki davlat malakali mutaxassislari o‘rtasida o‘zaro tajriba almashish va kelgusida qo‘shma texnologik loyihalarni amalga oshirish uchun keng imkoniyatlar mavjudligi bildirildi.
Source: kun.uz