Kadastr agentligi direktori vazifasini bajaruvchi Sadriddin Turdiyev joriy hafta Qoraqalpogʻiston Respublikasi hamda Xorazm viloyatida aholi va tadbirkorlar uchun navbatdagi sayyor qabullarni oʻtkazmoqda. Agentlik matbuot xizmatining ma'lum qilishicha, mazkur ochiq muloqotlar davomida fuqarolarning yer va koʻchmas mulkni rasmiylashtirish, kadastr hujjatlarini olish hamda sohaga oid boshqa dolzarb masalalardagi murojaatlari birma-bir koʻrib chiqilmoqda.
Ilk shunday muloqot bugun, 15-oktabr kuni Nukus shahrida tashkil etilib, unda mahalliy aholining koʻplab muammolariga yechim izlandi. Sayyor qabullar jadvaliga muvofiq, keyingi uchrashuvlar 16-oktabr kuni Beruniy tumanida, shuningdek, 17-oktabr kuni Urganch shahrida davom ettirilishi rejalashtirilgan.
Mas'ul idora vakillarining ta'kidlashicha, barcha qiziquvchilar belgilangan vaqtda oʻzlarining muammolari va takliflari bilan murojaat qilishlari mumkin. Jumladan, 16-oktabr kuni soat 10:00 da Beruniy tumani Xalqlar doʻstligi koʻchasi 10d-uyda joylashgan Yoshlar markazi binosida, 17-oktabr kuni esa soat 10:00 da Urganch shahri Pahlavon Mahmud koʻchasi 59/2-uyda (Yoshlar ishlari agentligi Xorazm viloyati boshqarmasi binosi, moʻljal: Amir Temur nomidagi madaniyat va istirohat bogʻi) navbatdagi qabullar boʻlib oʻtadi.
Source: kun.uz