O‘zbekistonda keng qamrovli va ommabop bo‘lib borayotgan beshinchi «Zakovat-Gambit» shaxmat turnirining saralash bosqichlari nihoyasiga yetdi. Joriy yilda musobaqa o‘ziga xos rekord qayd etib, mamlakatimiz bo‘ylab jami 5831 nafar ishtirokchini qamrab oldi va umumiy sovrin jamg‘armasi 620 million so‘mni tashkil etgani e'lon qilindi.
Tashkilotchilarning ma'lumotlariga ko‘ra, mazkur saralash bahslari olti kun davom etgan bo‘lib, shundan dastlabki besh kun davomida (19–23-oktabr) respublikaning barcha 14 ta hududida yuzma-yuz o‘yinlar tashkil etildi. Shuningdek, 24-oktabr kuni mashhur chess.com platformasi orqali onlayn saralash bahslari ham o‘tkazilib, bellashuvlarning qamrovi yanada kengaytirildi.
Mutaxassislar bu yilgi saralash tizimiga kiritilgan yangiliklar qatnashchilar uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratganini ta'kidlashmoqda. Jumladan, hududiy bosqichlarda qatnasha olmagan yoki yo‘llanmani qo‘lga kirita olmagan shaxmatchilar onlayn formatda o‘z kuchini sinab ko‘rishdi. Endilikda musobaqaning yarim final o‘yinlari 28-oktabr kuni Toshkent shahrida bo‘lib o‘tishi kutilmoqda, final bahslari esa 29–30-oktabr kunlariga belgilangan.
Musobaqa ishtirokchilari FIDE reytingi va professional darajasiga qarab besh guruhga bo‘lingan bo‘lib, bu havaskorlar va tajribali grossmeysterlarga adolatli raqobat muhitini taqdim etadi. A, B, C, D va E guruhlarining har birida g‘oliblar uchun 50 million so‘m, ikkinchi o‘ringa 30 million so‘m, uchinchi o‘ringa esa 20 million so‘m miqdorida pul mukofotlari nazarda tutilgan. Shuningdek, ayollar o‘rtasidagi eng yaxshi natija egalari hamda eng yosh va yoshi ulug‘ ishtirokchilar uchun ham maxsus pul mukofotlari ajratilgan.
Source: kun.uz