O‘zbekistonlik tadbirkor Jahongir Artxo‘jayev o‘z nazoratidagi ikkita tuzilmani – Nevada shtatida ro‘yxatdan o‘tgan Amerikaning StageWise Strategies Corp. kompaniyasini va O‘zbekistondagi TEG SPV mehmonxona guruhini rasman birlashtirdi. Mazkur bitim doirasida Amerika kompaniyasi o‘zbek guruhining deyarli 100 foiz ulushini qo‘lga kiritdi va buning evaziga 183,1 millionga yaqin yangi aksiyalarni muomalaga chiqardi. Birlashgan tuzilma tarkibiga Toshkentdagi Hilton Tashkent, Buxorodagi Wyndham Bukhara mehmonxonalari hamda Central Asian Expo ko‘rgazma markazi kiradi. Bitim yakunlangach, StageWise kompaniyasi o‘simini TEG Overseas, Inc. deb o‘zgartirib, asosiy e’tiborni O‘zbekistondagi mehmonxona va ko‘rgazma biznesiga qaratishni rejalashtirmoqda.
Rasmiy hujjatlarga ko‘ra, bitim 2026-yil 13-oktabrda yakunlangan va aksiyalarni o‘tkazish jarayoni AQSh Qimmatli qog‘ozlar va birjalar komissiyasiga (SEC) taqdim etilgan hisobotlarda aks ettirilgan. O‘zbekiston guruhining sobiq egalari naqd pul olishmagan, aksincha, Amerika kompaniyasining qimmatli qog‘ozlariga ega chiqishgan. Natijada, TEG Overseas o‘zbek kompaniyasining 99,99 foizdan ortiq ulushini sotib olib, 183 milliondan ziyod yangi oddiy aksiyalarni chiqargan. Ilgari muomalada bo‘lgan qimmatli qog‘ozlarni hisobga olgan holda, o‘zbek guruhining sobiq egalari yangi birlashgan kompaniyaning 97,3 foiz ulushiga egalik qilish huquqini qo‘lga kiritishgan.
Kompaniyaning moliyaviy va boshqaruv tuzilmasida ham sezilarli o‘zgarishlar ro‘y berdi. Xususan, 2026-yilning birinchi yarmida TEG SPV guruhining moliyaviy ko‘rsatkichlari biroz pasaygani qayd etilgan. Tushum o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 6,2 foizga kamayib, 17,4 million dollarni tashkil etgan, sof foyda esa 30 foizga qisqargan. Bunga Toshkentdagi yangi raqobatdosh mehmonxonalar paydo bo‘lishi fonida Hilton Tashkent mehmonxonasining bandlik darajasi pasaygani sabab bo‘lgani aytilmoqda. Shunga qaramay, guruh rahbariyati yangi xalqaro darajadagi direktorlar kengashini tuzib, boshqaruvni kuchaytirishga harakat qilmoqda.
Source: podrobno.uz