Italiyaning «Salvi» kompaniyasi bilan kelgusi yillarda qo‘shimcha ming nafar o‘zbekistonlikni qishloq xo‘jaligi sohasida ishga jalb qilish bo‘yicha muhim kelishuvga erishildi. «Dunyo» axborot agentligining xabar berishicha, Namangan viloyati delegatsiyasining Italiyaga amalga oshirgan rasmiy tashrifi davomida mehnat migratsiyasi, sanoat, qishloq xo‘jaligi va savdo sohalarida ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish masalalari batafsil muhokama qilingan.
O‘zbekistondan qishloq xo‘jaligi mutaxassislarini Italiyada mavsumiy ishga jalb qilish loyihasi doirasida dastlabki 40 nafar o‘zbekistonlik o‘z faoliyatini boshlab yubordi. Maʼlum qilinishicha, loyiha ishtirokchilari Italiyaga safar qilishdan oldin ikki oy davomida maxsus italyan tilini o‘rganib, tegishli kasbiy treninglardan o‘tishgan va shundan so‘ng meva-sabzavotlarni qayta ishlash jarayonlariga jalb qilingan.
Namangan viloyati delegatsiyasi vakillari mamlakatimiz fuqarolari bilan bevosita suhbatlashib, ularning yashash va mehnat sharoitlarini yaqindan ko‘zdan kechirdilar. «Salvi» rahbariyati bilan o‘tkazilgan muzokaralar natijasida esa, kelgusi yillarda yana ming nafar fuqaroni ushbu ishga jalb qilish bo‘yicha amaliy kelishuvga erishilgani maʼlum qilindi.
Tashrif doirasida Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov boshchiligidagi delegatsiya Emiliya-Romanya viloyati prezidenti Mikele de Paskale bilan ham uchrashuv o‘tkazdi. O‘zbekistonning Italiyadagi elchixonasi ko‘magida tashkil etilgan muloqotda sanoat, to‘qimachilik va yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish sohalaridagi sheriklik masalalari ko‘rib chiqildi.
Bolonya va Rim shaharlarida tashkil etilgan «Namangan va Italiya» hamda «Namangan va Emiliya-Romanya» biznes-forumlari yuzdan ortiq yetakchi kompaniya vakillarini jamladi. Muzokaralar natijasida «Vinarjia Marko», «SMI Group», «Gamma Meccanica» va «Bonifiche Ferraresi» kabi kompaniyalar bilan oziq-ovqatni qayta ishlash hamda intensiv bog‘dorchilik yo‘nalishlarida qiymati oshkor etilmagan investitsiya va eksport shartnomalari imzolandi.
Source: kun.uz