Toshkent shahrining Yashnobod tumanida yana bir fojiali yo‘l-transport hodisasi qayd etildi. Poytaxt Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi tarqatgan rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, ushbu og‘ir oqibatlarga olib kelgan YTH natijasida bir nafar piyoda voqea joyida vafot etgan.
Ma'lum bo'lishicha, ko‘ngilsiz hodisa joriy yilning 3-noyabr kuni soat 17:45 larda Toshkent halqa avtomobil yo‘lining “Qo‘yliq” qurilish mollar bozori qarshisidagi qismida yuz bergan. 22 yoshli Y.M. ismli haydovchi o‘z boshqaruvidagi Lixiang L9 rusumli zamonaviy avtomobilda harakatlanib ketayotib, belgilanmagan va piyodalar o‘tish uchun mo‘ljallanmagan qismdan yo‘lni kesib o‘tayotgan shaxsni urib yuborgan.
Zarba oqibatida 39 yoshli piyoda olgan og‘ir tan jarohatlari tufayli voqea joyida hayotdan ko‘z yumgan. Hozirgi vaqtda mazkur fojiali holat yuzasidan YHXB mas’ul xodimlari va tergov organlari tomonidan barcha zarur surishtiruv harakatlari olib borilmoqda, haydovchining harakatlariga huquqiy baho berilishi kutilmoqda.
Source: www.gazeta.uz