Toshkent shahrida huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan olib borilgan keng qamrovli tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida giyohvandlik vositalari, jumladan, gashish moyi bilan to‘yintirilgan qandolat mahsulotlari tayyorlashga ixtisoslashgan yashirin narkolaboratoriya faoliyatiga chek qo‘yildi. Mazkur amaliyot Ichki ishlar vazirligi Tezkor-qidiruv departamenti hamda Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari hamkorligida muvaffaqiyatli amalga oshirildi.
Maʼlum qilinishicha, tezkor tadbir davomida dastlab 2002-yilda tug‘ilgan fuqaro internet tarmog‘idagi noqonuniy narkodo‘konda kuryer («zakladchik») sifatida faoliyat yuritib kelayotgani fosh etildi. Ushbu shaxs Yashnobod tumanida qo‘lga olinib, uning yonidan tarqatish uchun mo‘ljallangan 58 dona o‘ramdagi 74 gramm gashish moyi ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yildi. Dastlabki surishtiruvlar kuryer giyohvandlik moddalarini doimiy ravishda o‘zining tengdoshi bo‘lgan omborchidan olib turganini ko‘rsatdi.
Shundan so‘ng amaliyot Chilonzor tumanidagi «Do‘mbirobod» mahallasida joylashgan ijaraga olingan xonadonda davom ettirildi. Xonadon ko‘zdan kechirilganda, u yerda haqiqiy narkolaboratoriya tashkil etilgani fosh bo‘ldi. Tintuv jarayonida 3,5 kilogramm gashish moyi, tarqatishga shay qilib qo‘yilgan 361 dona o‘ramdagi 350 gramm gashish moyi, 600 gramm gashish, shuningdek, gashish moyidan tayyorlangan 1,5 kilogramm pechenye, to‘rtta qadoqdagi marmeladlar hamda turli laboratoriya jihozlari musodara qilindi.
Huquq-tartibot idoralari xodimlarining saʼy-harakatlari bilan umumiy hisobda 19 250 dozaga teng bo‘lgan qariyb 6 kilogramm giyohvandlik vositalari noqonuniy muomaladan olib qo‘yildi. Hozirda mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Source: kun.uz