Markaziy bank raisining o‘rinbosari Nodirbek Achilov 4-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida mamlakatdagi tijorat banklarida kredit foiz stavkalari nima sababdan yuqori darajada saqlanib qolayotganiga o‘ziga xos izoh berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, regulyator asosiy stavkani 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirganiga qaramasdan, bozorda umumiy hisobda stavkalarning bosqichma-bosqich pasayish tendensiyasi kuzatilmoqda.
Mutaxassisning ta’kidlashicha, oxirgi oylar davomida o‘rtacha kredit stavkalari qariyb 2-3 foiz bandiga pasaygan. Xususan, ipoteka kreditlari bo‘yicha shartlar yumshab, bir necha yil avvalgi 24-25 foizlik takliflar o‘rnini hozirda 18 foiz atrofidagi imkoniyatlar egallamoqda. Shunga qaramay, eng qimmat moliyaviy mahsulotlar sirasida mikrokreditlar, garovsiz qisqa muddatli qarzlar hamda onlayn tarzda tezkor ajratiladigan mablag‘lar qolayotgani aytildi.
Achilov yuqori foiz stavkalarining saqlanib qolishiga asosiy sabab sifatida 2017-yilgacha bo‘lgan davrda iqtisodiyotda yig‘ilib qolgan ulkan kredit talabini ko‘rsatdi. O‘shanda aholi va biznes vakillarining moliyaviy resurslarga bo‘lgan ehtiyoji qondirilmagan bo‘lib, liberallashuv jarayoni boshlangach, bu yashirin talab to‘g‘ridan-to‘g‘ri bank tizimiga oqib kirdi va bu o‘z navbatida qarz narxining yuqori shakllanishiga olib keldi.
Shuningdek, so‘nggi yillarda ichki jamg‘armalar hajmining yetarli bo‘lmagani ham banklarning kredit resurslarini qimmatroq narxlarda jalb qilishiga sabab bo‘lgani qayd etildi. Biroq oxirgi paytlarda banklarning depozit bazasi kengayib, yuqori daromadli omonatlar kamayib borayotgani istiqbolda kreditlar arzonlashishiga zamin yaratmoqda. Markaziy bank oldindagi uch-to‘rt yil ichida stavkalar muvozanatli darajaga tushishini prognoz qilmoqda.
Source: www.gazeta.uz