Toshkent shahar hokimligi elektr quvvatlantirish shoxobchalari bo‘yicha o‘tkazilayotgan xatlov natijalarini e’lon qildi. So‘nggi kunlarda ushbu mavzu qizg‘in muhokama qilinmoqda, shahar ma’muriyati esa infratuzilma to‘xtatilmaganligini va ishlashda davom etayotganini ta’kidladi. Toshkentda quvvati 20 kVtdan yuqori bo‘lgan 1300 ga yaqin tezkor quvvatlantirish qurilmasi o‘rnatilgan.
Xatlov tarmoq faoliyatini to‘xtatish emas, balki ulanishlarni tartibga solish va aholi uchun xavf-xatarlarni kamaytirish maqsadida amalga oshirilmoqda. Shahar hokimligi tashabbusi bilan 3-mart kuni 12 ta ishchi guruh tuzilib, ular xatlov ishlarini boshlagan. Bugungi kunga qadar 300 dan ortiq shoxobcha xatlovdan o‘tkazildi, bu esa ulanishlar holatini va tarmoqqa tushayotgan yuklamani baholash imkonini berdi.
Xatlov davomida ayrim qoidabuzarliklar aniqlandi: 101 ta shoxobcha zarur hujjatlari yo‘qligi sababli vaqtincha tarmoqdan uzildi, shuningdek, 62 ta shoxobchaning elektr ta’minoti korxonalari bilan shartnomasi mavjud emasligi ma’lum bo‘ldi. Hokimlik quvvati 20 kVtdan yuqori bo‘lgan tezkor quvvatlantirishning elektr tarmoqlari uchun jiddiy yuklamani yuzaga keltirishini ta’kidladi.
Hokimlikning bayonotiga ko‘ra, agar ulanish hisob-kitoblarsiz va texnik shartlarsiz amalga oshirilsa, turar joy binolarining elektr ta’minotida haddan tashqari yuklama va uzilishlar xavfi ortadi. “Biz bir shahar ahlimiz va biz uchun uylar, maktablar va shifoxonalarda elektr energiyasining barqaror bo‘lishi hayotiy muhim ahamiyatga ega”, deb qayd etdi hokimlik. Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar elektromobillik rivojini cheklashga emas, balki energiya tizimining xavfsiz va barqaror ishlashini ta’minlashga qaratilgan.
Aniqlangan qoidabuzarliklar bo‘yicha vakolatli organlar huquqiy baho beradi, ular nafaqat qoidabuzarliklarni qayd etadi, balki obyektlarni talablarga muvofiqlashtirish bo‘yicha yechimlarni ham taklif qiladi. Hokimlik shu bilan birga, ayrim shaxslarning ushbu mavzuda shov-shuv ko‘tarishga va professional baho o‘rnini egallashga urinishi na shaharga, na aholiga, na bozorga foyda keltiradi, deb hisoblaydi. Shahar qonuniy doirada ishlashga va texnik talablarga rioya qilishga tayyor tadbirkorlar bilan konstruktiv hamkorlik qilish uchun ochiq ekanligini qo‘shimcha qildi.
Source: www.gazeta.uz