Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Turkiyaning Balıkesir viloyatida oldin topilgan jasadning 46 yoshli Samarqand viloyati aholisi Dilafruz Chulliyevaga tegishli ekanligi DNK ekspertizasi orqali tasdiqlandi. Bu haqda Turkiyadagi “O‘zbek ayollar huquqlarini himoya qilish jamiyati” ma’lum qildi.

Ekspertiza jarayonida vafot etgan ayolning oila a’zolaridan olingan DNK namunalari solishtirildi va ularning to‘liq mos kelishi aniqlandi. Jamiyatning ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda vafot etgan ayolning jasadi qarindoshlariga topshirilishi bilan bog‘liq ma’muriy va huquqiy hujjatlar rasmiylashtirilmoqda. Jasadni vatanga jo‘natish jarayoni Turkiyaning Istanbul shahridagi O‘zbekiston Bosh konsulligi tomonidan muvofiqlashtirilmoqda.

“O‘zbek ayollar huquqlarini himoya qilish jamiyati” ish adolatli yakunlangunga, aybdor shaxslar aniqlandi va ular qonun doirasida javobgarlikka tortilguncha jarayonni nazorat qilishda davom etishini bildirdi. Oldinroq Turkiyada tanasi shikastlangan holda topilgan ayol jasadining Dilafruz Chulliyevaga tegishli bo‘lishi mumkinligi haqida ma’lumotlar tarqalgan edi.

Ushbu qotillikda gumon qilinayotgan to‘rt nafar shaxs hibsga olingan. Ma’lumotlarga ko‘ra, ular O‘zbekiston fuqarolari hisoblanadi. Dilafruz Chulliyevaning Turkiyada qonuniy yashash va ishlash ruxsatnomasi bor edi. U Balıkesir viloyatining Burhaniye tumanidagi uyda ishlagan va 21 yanvardan beri yo‘qolib, qidiruvda edi.

Bu so‘nggi vaqtlarda Turkiyada shafqatsizlarcha o‘ldirilgan uchinchi O‘zbekiston fuqarasi ayol hisoblanadi. Bundan oldin Istanbulla shahrida O‘zbekistonlik Durdona Hakimova va Sayyora Ergashaliyeva ham qotillik qurboni bo‘lgan edi. Ularning o‘limi Turkiya jamiyatida keng rezonansga sabab bo‘lgan.

Source: kun.uz