Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston Respublikasi Gidrometeorologiya xizmati (O‘zgidromet) ma’lumotlariga ko‘ra, 7-martdan boshlab mamlakat hududiga sovuq antitsiklon kirib kela boshlaydi. Bu meteorologik jarayon yaqin kunlarda atmosfera havosi sifati sezilarli darajada yomonlashishiga olib kelishi mumkin. Mutaxassislar, havo aylanishining sustligi va harorat inversiyasi shakllanishi ehtimoli tufayli ifloslantiruvchi moddalar atmosferaning yerga yaqin qatlamida to‘planib borishini ta’kidlamoqda.

Hozirgi vaqtda kechasi +5…+7 daraja, kunduzi esa +16…+18 daraja atrofida kuzatilayotgan keskin harorat farqi ham bunday noqulay sharoitlarni yuzaga keltirmoqda. Bu holat, ayniqsa, Toshkent shahrida nam va nisbatan salqin havo massasi ta’sirida qolishiga sabab bo‘lmoqda. Ertalabki soatlarda tuman, yuqori namlik va deyarli shamolsiz ob-havo kuzatilishi natijasida havo almashinuvi sekinlashadi va chiqindilar shahar hududida saqlanib qolishi mumkin.

Mutaxassislar, bunday meteorologik sharoitda avtotransport, isitish tizimlari, yoqilg‘i yoqilishi va sanoat chiqindilari tufayli havoda chang hamda mayda dispersli zarrachalar miqdori ortishi mumkinligini bildirgan. Bu esa aholi salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi va nafas olish kasalliklarini keltirib chiqarishi mumkin.

Prognozlarga ko‘ra, ushbu vaziyat yaqin uch kun davom etishi mumkin. 10-martga kelib sovuq antitsiklon mamlakat hududini to‘liq qamrab oladi va shamol tezligining oshishi hamda yog‘ingarchilik kuzatilishi hisobiga atmosfera havosidagi ifloslantiruvchi moddalar tarqalishi kutilmoqda. Shu bilan birga, aholiga havo sifati yomon bo‘lgan davrlarda tashqarida ko‘proq vaqt o‘tkazmaslik va himoya vositalaridan foydalanish tavsiya etilmoqda.

Source: www.gazeta.uz