Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda mamlakatda ayollar va bolalarga nisbatan har qanday zo‘ravonlik va tazyiq holatlariga qarshi qattiq tizim asosida kurash olib borilishini e’lon qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu borada strategik vazifa qabul qilingan va yaqinda imzolangan farmon muhim o‘zgarishlarni keltirib chiqaradi.

Prezident farmonning mazmunini tushuntirarkan, u “juda katta ong o‘zgaradigan farmon, adolat paydo bo‘ladigan farmon” ekanligini ta’kidladi. U ayollarga tazyiq ko‘rsatib, qo‘l ko‘targan yoshlar endi O‘zbekistonda qonun asosida yashashga majbur bo‘lishini yoki ko‘chib ketishini aytdi. Mirziyoyev bolalarga nisbatan jinsiy jinoyatlarni takroran sodir etganlar uchun umrbod qamoq jazosi qo‘llanilishini qat’iy talab qilganini, buni yuristlar qarshiligiga qaramay amalga oshirganini bildirdi: “Men o‘zbek millatida bu bo‘lishi mumkin emas dedim. O‘zbek mamlakatida, Yangi O‘zbekistonda, ko‘p millatli xalqimizga yarashmaydi.”

Davlat rahbari yana bir muhim masalaga to‘xtalarkan, jazoni ijro etish muassasalarida 2589 nafar ayol jazo muddatini o‘tayotganini aytdi. U bu ayollarning turli sabablarga ko‘ra jinoyatga qo‘l urgan bo‘lsa-da, ular ham O‘zbekiston fuqarolari ekanligini va ularni ijtimoiy hayotga qaytarish, jamiyatning to‘laqonli a’zosiga aylantirish zarurligini ta’kidladi.

Jazoni o‘tayotgan ayollarning 1239 nafari o‘rta ma’lumotga ega bo‘lib, kasbi yoki hunari yo‘q, ularning 443 nafari oliy ta’lim muassasalariga o‘qish istagini bildirgan. Mirziyoyev bunday ayollar bilan manzilli ishlash bo‘yicha yangi hayot dasturini boshlashni e’lon qildi: “Ichki ishlar vazirligi, kasbiy ta’lim agentligi va bandlik vazirligi bilan jazoni o‘tayotgan ayollarning uch-olti oy kasb dasturida o‘qitib sertifikat beriladi.”

Shuningdek, prezident mahbus ayollarga jazoni o‘tayotgan joyda imtihon topshirish, oliygohlarga kirish va masofaviy o‘qish imkoniyatini yaratishni va‘da qildi. U kontraktga o‘qishga qabul qilinganlarga jazoni o‘tab, ishga joylashgandan keyin qaytarish sharti bilan foizsiz sud ajratilishini ta’kidladi, bu ularning reabilitatsiyasini osonlashtirishga qaratilgan.

Source: www.gazeta.uz