Ukrainaning sobiq adliya vaziri German Galushchenko mamlakatdan chiqishga urinishda qo‘lga olindi. Bu haqda Ukraina Milliy korrupsiyaga qarshi byurosi (NABU) xabar berdi.
NABU ma’lumotlariga ko‘ra, sobiq amaldor “Midas” ishi bo‘yicha tergov doirasida davlat chegarasini kesib o‘tish paytida qo‘lga olindi. Idorada hozirda qonunchilik va sud sanksiyalariga muvofiq birinchi navbatdagi tergov harakatlari olib borilayotgani ta’kidlandi.
Galushchenko 15-fevral kechasi chegarani kesib o‘tishga urinishda poyezddan tushirildi.
“Midas” korrupsiyaga qarshi operatsiyasi Ukraina barcha atom elektr stantsiyalarining operatori bo‘lgan davlat kompaniyasi “Energoatom” faoliyati bilan bog‘liq. Tergov korrupsion sxemani tashkil etuvchi sifatida Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyning sobiq biznes sherigi deb ataladigan biznesmen Timur Mindichni ko‘rsatadi.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar versiyasiga ko‘ra, sxema ishtirokchilari “Energoatom” pudratchilaridan shartnoma summasi 10–15% miqdorida por talab qilib, to‘lovlarni blokirovka qilish va yetkazib beruvchi maqomini olib qo‘yish bilan tahdid qilgan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, noqonuniy olingan mablag‘lar umumiy summasi taxminan 100 million dollarni tashkil etishi mumkin.
Galushchenko 2020–2021 yillarda “Energoatom” vitse-prezidenti lavozimida ishlagan, 2021–2025 yillarda esa Ukraina energetika vaziri bo‘lgan. O‘tgan yil yozida hukumat o‘zgarganidan so‘ng u adliya vaziri etib tayinlangan, ammo noyabr oyida parlament uni korrupsion janjal fonida iste’foga chiqargan.
Source: kun.uz