Pokiston va Tolibon rasmiylari ma'lumotlariga ko'ra, Pokiston Afg'onistonning yirik shaharlaridagi nishonlarga tun davomida zarba berdi. Bu harakatlar ikki davlat o'rtasidagi keskinlikning kuchayishi fonida sodir bo'ldi.
Pokiston rasmiylari Afg'onistondagi zarbalarni "afg'onlarning asossiz hujumlariga" javob deb atadi. Tolibon esa buni Pokistonning oldingi hujumlariga javob ekanini aytdi.
Xavfsizlik manbalari hujumlar chegaradagi Tolibon postlari, qarorgohlari va o'q-dori omborlarini nishonga olganini bildirdi. Ikki tomon ham yo'qotishlar haqida xabar berdi, ammo raqamlar keskin farq qilmoqda.
Bu to'qnashuvlar 2600 kilometrlik chegara bo'yidagi o't ochishni to'xtatish kelishuviga tahdid solmoqda. Shuningdek, Pokistonning Tolibonni TTP jangarilariga boshpana berishda ayblashi atrofidagi nizoni chuqurlashtirdi.
Pokiston mudofaa vaziri Xavaja Asif: "Sabr kosamiz to'ldi. Endi oramizda ochiq urush boshlandi", dedi. Prezident Osif Ali Zardoriy esa: "Pokiston tinchlik va hududiy yaxlitlik masalasida aslo yon bosmaydi", deb ta'kidladi.
Source: www.gazeta.uz