Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil 1-fevral holatiga O‘zbekistonda xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi 18 513 ta korxona faoliyat yuritmoqda. Korxona ochish bo‘yicha yetakchilar Xitoy, Rossiya va Turkiya hisoblanadi.
Foto: Shutterstock
Umumiy xorijiy investitsiyali korxonalar sonidan 4 282 tasi qo‘shma korxonalar, 14 231 tasi esa xorijiy korxonalardir.
Yetakchilar uchligi quyidagicha: Xitoy – 5 218 ta korxona, Rossiya – 3 190 ta, Turkiya – 2 149 ta korxona.
Shuningdek, yuqori o‘rinlarni Qozog‘iston (1 221), Janubiy Koreya (699), Afg‘oniston (647), Birlashgan Arab Amirliklari (413), Tojikiston (410), Hindiston (394) va Ozarbayjon (368) egallagan.
Statistikaga ko‘ra, so‘nggi 5 yil ichida xorijiy investitsiyali korxonalar soni 1,9 baravar oshgan. Xorijiy korxonalar ulushi 55,1 foizdan 76,9 foizga ko‘tarilgan.
Mutaxassislarning fikricha, bu ko‘rsatkichlar mamlakatda investitsiya iqlimining yaxshilanishi va xorijiy investorlar faolligining oshishidan dalolat beradi.
Source: kun.uz