Hindistonning Oʻzbekistondagi elchisi Smita Pant 25-fevral kuni Kun.uz ga bergan izohida Dok-1 Max ishi boʻyicha Hindistonda sud jarayoni davom etayotganini va yakuniy qarorni sud chiqarishini aytdi.
"Masala sud ishlovida. Yakuniy bahoni sud beradi. Tergov va sud jarayoni tugaguncha yakuniy izoh berish notoʻgʻri", — dedi diplomat.
Uning soʻzlariga koʻra, qonun ustuvorligi prinsipi Hindiston uchun asosiy hisoblanadi, sud tizimi mustaqil ishlaydi va shaffof tartib asosida qaror qabul qiladi.
Elchi, shuningdek, vafot etgan bolalar oilalariga chuqur hamdardlik bildirdi.
Alohida Smita Pant Hindiston farmatsevtika sanoatining global sogʻliqni saqlash tizimidagi ahamiyatini ta'kidladi. Hindiston dunyodagi eng yirik dori ishlab chiqaruvchilaridan biri boʻlib, umumiy dori preparatlari boʻyicha yetakchi oʻrinda turadi — dunyo hajmining 20% ga yaqini mamlakatda ishlab chiqariladi.
Hindiston COVID-19 pandemiyasi davrida vaksinalar va dorilar yetkazib beruvchisi sifatida muhim rol oʻynadi.
Dok-1 Max shirasi Hindistonning Uttar-Pradesh shtatidagi Marion Biotech kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan. 2022-yil dekabr oyida Oʻzbekiston tomonidan bolalar oʻlimi haqida rasmiy xabar berilgach, Hindiston regulyatorlari korxonani tekshirishni boshladi va preparat ishlab chiqarish toʻxtatildi.
2026-yil yanvar oyida Allohobod Oliy sudi jinoyat ishini toʻxtatish haqidagi arizalarni rad etdi, 20-fevralda Hindiston Oliy sudi jarayonni bekor qilishdan bosh tortdi, ish birinchi instansiya sudida koʻrib chiqilishi kerakligini tasdiqladi.
Shunday qilib, 2026-yil holatiga koʻra, Hindistonda yakuniy hukm chiqarilmagan, sud jarayoni davom etmoqda.
Oʻzbekistonda Dok-1 Max ishi boʻyicha sud jarayoni yakunlangan. 2024-yil 26-fevralda Toshkent shahar jinoiy ishlar sudi ogʻir oqibatlarga olib kelgan dori vositasini import qilish va tarqatish ishi boʻyicha ayblov hukmini chiqardi.
23 kishi, jumladan import kompaniyasi vakillari va preparatni roʻyxatga olish va bozorga chiqarishda ishtirok etgan mansabdor shaxslar aybdor deb topildi.
Source: kun.uz