Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

AQShning Vashingtondagi apellyatsiya sudi Prezident Donald Trampning mamlakatga kirishda boshpana so‘rashni taqiqlash haqidagi farmonini noqonuniy deb topdi. Bu qaror Tramp ma'muriyatining immigratsiyaga qarshi keskin choralariga zarba bo‘ldi.

Juma kuni e'lon qilingan qarorda uch sudyadan iborat hay'at mavjud qonunlar, xususan Immigratsiya va Millatlar to‘g‘risidagi Qonun (INA) odamlarga chegarada boshpana so‘rash huquqini berishini ta'kidladi.

Tramp 2025-yil 20-yanvarda, ikkinchi muddatining birinchi kunida boshpana berishni taqiqlash to‘g‘risida farmon chiqargandi. Biroq sud prezidentning bir tomonlama boshpanani to‘xtatish vakolatiga ega ekanligiga shubha bildirdi.

“Kongress Ijroiya hokimiyatiga o‘zi da'vo qilgan keng ko‘lamli chiqarib yuborish vakolatini berish niyatida emas edi”, deyiladi sud qarorida. “Farmon va ko‘rsatmalar INAning chiqarib yuborish tartib-qoidalarini chetlab o‘tgani va odamlarning boshpana so‘rash huquqini beruvchi federal qonunlarni bekor qilgani uchun noqonuniydir”.

Sud qarori quyi instansiya sudining xulosasini tasdiqladi. Oq uy apellyatsiya berish niyatida ekanligini bildirgan. Tramp immigratsiyani 2024-yilgi saylov kampaniyasining asosiy ustunlaridan biriga aylantirib, janubiy chegarani “bosqin”dan himoya qilishga va’da bergandi.

AQShda boshpana irqi, dini, millati, siyosiy qarashlari yoki ijtimoiy guruhga mansubligi sababli ta’qibga uchragan shaxslarga beriladi. 2023-yilda deyarli 945 ming kishi boshpana so‘ragan. Tramp ma'muriyati qaror ustidan to‘liq apellyatsiya sudi va keyinchalik Oliy sudga shikoyat qilishi mumkin.

Source: www.aljazeera.com