Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston kinofotofono hujjatlari milliy arxivi mustaqillikkacha va mustaqillikning ilk yillarida Ramazon hayiti qanday o‘tkazilganligini aks ettiruvchi o‘ndan ortiq tarixiy suratlarni taqdim etdi. Bu oq-qora formatdagi tasvirlar XIX asrdan 1990-yillargacha bo‘lgan davrni qamrab olib, Ramazon hayiti namozlari, xalq sayillari, bayram savdolari va diniy rahbarlar portretlarini o‘z ichiga oladi.

Suratlar orasida 1870-yilda Toshkent viloyati Piskent tumanidagi xalq sayli, 1950-yilda Namangandagi hayit ko‘chasi, shuningdek, qaynatilgan ichak-chavoq, saqich va sut sotuvchilarning manzaralari mavjud. 1991-yilda O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi raisi, Muftiy Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning Ramazon hayiti kuni bergan intervyusi va O‘zbekiston xalq artisti Sherali Jo‘rayevning ishtiroki bilan olingan kadr ham saqlangan.

Diniy marosimlarni aks ettiruvchi suratlarga 1870-yilda Toshkentdagi Shayxontohur masjidida o‘tkazilgan Ramazon hayiti namozi, 1992-yilda Toshkentda va 1993-yilda O‘rta Chirchiq tumanidagi “Boboxon ota” masjidida o‘tkazilgan hayit namozlari kiradi. Shuningdek, 1870-yilda Toshkent va Samarqanddan olingan imom-xatiblar portretlari, jumladan Imom Xo‘ja Eshon, Sulton Xo‘ja Xatib, Badal Xo‘ja Eshon va Abdulqayyum Imomning tasvirlari mavjud.

2023-yilda gazeta nashri tomonidan e’lon qilingan “Ramazon hayiti” nomli film mustaqil O‘zbekistondagi birinchi Ramazon hayitini (1992-yil mart-aprel) aks ettiradi. Filmda Abduhalil Mignorov va Jahongir Qosimov tomonidan suratga olingan kadrlar orqali tandirdan non uzish, qo‘shnilar o‘rtasida nisholda almashish, bolalarning “bir so‘m pul” so‘rashi va Samarqanddagi Registon maydonida hayit namozi o‘qilishi tasvirlangan.

Source: www.gazeta.uz