O‘zbekistonda gender rollariga oid an’anaviy qarashlar ayollar uchun iqtisodiy va ijtimoiy tenglikka erishish yo‘lida jiddiy to‘siq bo‘lib qolmoqda. Mamlakat aholisining 77 foizi ayollar kamroq ishlashi va ko‘proq vaqtini uy yumushlariga bag‘ishlashi kerak, deb hisoblaydi. Bu raqamlar 6-mart kuni bo‘lib o‘tgan Women in Power forumida “BMT-ayollar” (UN Women) tuzilmasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Zelixa Unaldi tomonidan taqdim etildi.
Respondentlarning 34 foizi “oiladagi muvozanatni saqlash” uchun ayollar kamroq ish haqi olishi kerakligiga ishonadi. Ayollar o‘rtasidagi hozirgi bandlik darajasi erkaklarnikiga qaraganda sezilarli darajada past, ayniqsa, yosh va o‘rta yoshdagilar orasida bu farq yaqqol ko‘zga tashlanadi. Masalan, 25−34 yoshli ayollarning 56 foizi ishlaydi, vaholanki, shu yoshdagi erkaklar orasida bu ko‘rsatkich 93 foizni tashkil etadi.
Ayollar ish bilan band bo‘lmasligining asosiy sababi haq to‘lanmaydigan uy mehnati va oila a’zolariga g‘amxo‘rlik qilishdir. Erkaklar esa ko‘pincha o‘qish, kasallik yoki ish qidirish jarayonida bo‘lganliklari sababli ishlamaydi. Zelixa Unaldining so‘zlariga ko‘ra, xalqaro tashkilotlar, biznes va fuqarolik jamiyatining tizimli tashabbuslari, shuningdek, ayollarni qo‘llab-quvvatlash va ularning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan mahalliy loyihalar tenglikka erishishni tezlashtirishi mumkin.
Forumda ayollarning kasbiy muhitda duch keladigan to‘siqlari bo‘yicha o‘tkazilgan tadqiqotning dastlabki natijalari ham taqdim etildi. Bu Markaziy Osiyoda xususiy sektor tomonidan ilgari surilgan gender tafovutlarini chuqur tahlil qilishga qaratilgan birinchi loyihadir. Loyihaning maqsadi tahliliy ma’lumotlarni ayollar karerasini qo‘llab-quvvatlovchi amaliy vositalarga aylantirishdan iborat.
Tadqiqotning yetakchi eksperti sifatida gender tengligi bo‘yicha mutaxassis, O‘zbekistonda oiladagi zo‘ravonlikni kriminallashtirish to‘g‘risidagi qonun ustida ishlash tajribasiga ega Kamola Aliyeva ishtirok etdi. Tashabbus O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Xorijiy investorlar kengashi (FIC) va Amerika savdo palatasi (AmCham) tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Loyiha tashabbuskori Acwa Power energetika kompaniyasi bo‘ldi.
Tahlil yettita tizimli cheklovni aniqladi, ammo ularning aniq tafsilotlari forumda to‘liq ochiqlanmadi. Tadqiqot yakunlari bo‘yicha ayollarni ishga qabul qilish va ularni rahbarlik lavozimlariga ko‘tarishga qaratilgan “karera liftlari” tizimini ishlab chiqish rejalashtirilmoqda.
Source: www.gazeta.uz