Toshkent shahri Chilonzor tumanida fuqarolarni Germaniya, Polsha, Slovakiya va Xorvatiya kabi Yevropa davlatlariga ishga jo‘natish va vizalarni rasmiylashtirishni va’da qilib, ularni aldagan shaxslarga nisbatan sud hukmi o‘qildi. Jabrlanuvchilar soni 140 nafarni tashkil etgan. Jinoyatchilar 2023-yil yanvar oyidan boshlab bir nechta MCHJ tashkil etib, ijtimoiy tarmoqlar orqali reklama tarqatgan, unda oylik maosh 1000 yevrodan 5000 yevrogacha bo‘lishi mumkinligi aytilgan.
Ayrim fuqarolar xorijda ishga joylashtirish va hujjatlarni rasmiylashtirish va’dalariga ishonib, katta miqdorda pul to‘lagan. Masalan, bir jabrlanuvchi 5 kishi uchun jami 5000 dollar to‘laganini, boshqa holatlarda esa 3,5 ming dollargacha mablag‘ berilganini aytgan. Jabrlanuvchilardan biri intervyusida: “Instagram orqali reklamaga ko‘zimiz tushgan. Biz besh kishi bo‘lib, har birimiz 1000 dollardan to‘ladik. Keyin aldanganimizni 6-7 oyda bildik”, deb izoh bergan.
Andijon viloyatidan bo‘lgan boshqa jabrlanuvchi esa: “Reklamalarda artistlar, blogerlar chiqib, uch oyda chet elga ishga jo‘natishni va’da qilishdi. Shu gaplarga ishonib, o‘g‘lim va nevaram uchun 3,5 ming dollar to‘ladik. Bu pulni yig‘ish uchun uyimizda bor mol-mulkni sotdik”, deb aytgan. Ular hech qanday natija ko‘rmagan va pulni qaytarib ololmagan.
Sud jarayonida ayblanuvchilar aybini qisman tan olib, pushaymonligini bildirgan va yetkazilgan zararni qoplashni va’da qilgan. Sudlanuvchilardan biri: “Biz Yevropa va Yaponiyaga turistik vizalar bo‘yicha xizmat ko‘rsatganmiz. Tushgan mablag‘lar ishchilarning maoshiga va boshqa xarajatlarga sarflangan”, deb izoh bergan. Boshqa ayblanuvchi esa suddan qamoq bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlashni so‘ragan.
Sud hukmiga ko‘ra, ikki nafar sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “b” bandi (takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan sodir etilgan firibgarlik) bilan aybdor deb topilib, 7 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. Yana bir sudlanuvchi ayolga nisbatan 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi va u sud zalidan qamoqqa olindi. Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 22-apreldagi qaroriga muvofiq, fuqarolarni xorijda tashkillashtirilgan tartibda ishga joylashtirish faoliyati bilan Migratsiya agentligi shug‘ullanadi, bu faoliyatni litsenziya asosida amalga oshirish huquqi faqat litsenziya olgan xususiy bandlik agentliklariga berilgan.
Source: www.gazeta.uz