Jahon ommaviy axborot vositalarida COVID-19 ning “Sikada” deb nomlangan BA.3.2 shtammi haqida xabarlar tarqaldi. Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Nurmat Atabekov bu haqda rasmiy bayonot berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ushbu mutatsiyani AQSh, Gonkong, Mozambik va Buyuk Britaniya kabi 23 ta davlatda ro‘yxatga olgan.
Atabekov ta’kidlashicha, BA.3.2 shtammi ancha oldin aniqlangan bo‘lib, u tez tarqalmaydi va shuning uchun unga “sikada” nomi berilgan – bu hasharot 17 yilgacha “uyquga ketishi” mumkin. JSST hali kasallikning tarqalish darajasini kuzatib borish kerakligini aytgan, lekin jiddiy muammolar yuzaga kelishiga asos ko‘rmayapti. Yangi shtamm boshqalariga nisbatan xavfliroq ekaniga doir yetarli dalillar mavjud emas.
Dastlabki o‘rganishlarga ko‘ra, Sikada shtammi Omikronga o‘xshash klinik belgilar bilan kechadi: nafas yo‘llari jarohatlanishi, burun bitishi, yo‘tal, tomoqda og‘riq, qizarish va ba’zan hid va ta’m bilmaslik kabi alomatlar namoyon bo‘lishi mumkin. Mutaxassislar ta’kidlashicha, bu shtammga kattalarga nisbatan bolalar ko‘proq chalinayotgani, chunki ularning aksariyati pandemiya davrida emlanmagan yoki koronavirus bilan ro‘baro‘ kelmagan.
Nurmat Atabekov virus o‘choqlari aniqlangan hududlardan qaytgan odamlar bilan muloqotni cheklashni tavsiya qilgan bo‘lsa-da, Sikada shtammi epidemiya yoki pandemiyani keltirib chiqarish ehtimolidan uzoq ekanini ta’kidladi. U O‘zbekiston misolida aytib, mamlakatda epidemiologik vaziyat barqaror, aholining qariyb 80 foizida jamoaviy immunitet vujudga kelganligini qayd etdi. Shu sababli, yangi shtammlar haqida shov-shuvli xabarlar tarqatish to‘g‘ri emas va xavotirlanish uchun asos yo‘q.
Source: www.gazeta.uz