15-aprel kuni O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Dono Boboxonova 79 yoshida vafot etdi. U umrini teatrga bag‘ishlab, uzoq yillar “Yosh gvardiya” (hozirgi Abror Hidoyatov nomidagi o‘zbek davlat drama teatri)da faoliyat yuritdi. “Ming yillik hangoma”, “Farrosh kampirning tushlari”, “Baxt eshik qoqqanda”, “Jinlar bazmi” kabi yuzga yaqin spektakldagi ijrolari orqali tomoshabinlar qalbidan joy oldi.
Asl ismi Danisiya Dayanovna bo‘lgan aktrisa 90-yillarda kino sohasiga kirib kelgan. “Bozor ko‘rmagan yigit” filmi hamda “Gap yo‘q” hajviy ko‘rsatuvidagi komedik rollari bilan mashhurlikka erishgan. Shuningdek, u “Chol va nabira”, “Tilla buva”, “Tilim qursin” kabi kinolarda ham rol ijro etgan. Aktrisa 1996-yilda “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist” faxriy unvoni bilan taqdirlangan. To‘qqiz nabira va to‘rt evaraning buvisi edi.
Gazeta muxbiri Mirolim Isajonov Dono Boboxonovaning hamkasblaridan u haqdagi xotiralari bilan o‘rtoqlashishni so‘radi. Shirmonoy Abdullayeva, “Qalpoq” hajviy ko‘rsatuvi aktrisasi: “1974-yil ‘Yosh gvardiya’ teatriga ishga borgan kezlarim Dono bilan gaplashganimda fikrlarimiz bir nuqtada birlashgan va shu tariqa yaqin munosabat o‘rnata boshladik. 52 yil davomida ahil dugona bo‘ldik. O‘rtamizda biror marta kelishmovchilik yuz bermagan.”
Rixsivoy Aliyev, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist: “Dono opa san’atga fidoyi ijodkor edi. Katta teatrda ishlashiga qaramay, bizning ‘Gap yo‘q’ hajviy ko‘rsatuvining suratga olish jarayonlari uchun doim vaqt ajratib qatnashardi. Juda ham mahoratli aktrisa edi. Hech qachon rol tanlamasdi. Obrazga shu darajada kirishib ketardiki, rejissyorlar bergan topshiriqni ortig‘i bilan uddalardi.”
Madina To‘xtayeva, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist: “Dono 1968-yilda ochilgan teatrimizning ilk qaldirg‘och aktrisalaridan biri edi. U singari teatr san’atiga fidoyi san’atkorlar hozir juda kam va bunday odamlar doim ham tug‘ilmaydi. Teatr Dononing hayoti, eri, bolasi, xullas, oilasi edi.”
Sayfiddin Meliyev, aktyor va rejissyor: “1999-yilda O‘zbek davlat drama teatrida Bahodir Yo‘ldoshev sahnalashtirgan ‘Xonuma’ spektaklida Dono opa bilan partnyor bo‘lganmiz. Uning Uvaysiy rolini o‘ynash orzusi bor edi. Birgalikda shuni amalga oshirishni reja qilgandik, rolga tayyorgarlik ko‘rayotgan edi. Hatto dutor chalishni ham o‘rganayotgandi.”
Gazeta tahririyati Dono Boboxonovaning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildiradi.
Source: www.gazeta.uz