Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20-aprel kuni kommunal xizmatlar, uy-joy egalari badallari va 5 BHMgacha bo‘lgan qarzlarni soddalashtirilgan tartibda undirish imkonini beruvchi qonunni imzoladi. Hujjat rasman e’lon qilingan paytdan kuchga kirdi.

Qonun “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritadi. Loyiha Qonunchilik palatasi tomonidan 2025-yil 12-avgustda qabul qilinib, 31-oktabr kuni Senat tomonidan ma’qullangan edi.

Asosiy yangilik — ijro ishini yuritishning soddalashtirilgan tartibi tatbiq etiladigan undiruvlar ro‘yxatining kengaytirilgani bo‘ldi. Endi ushbu ro‘yxatga ma’muriy jarimalar va soliq qarzdorligidan tashqari kommunal xizmatlar, uy-joy egalari badallari va 5 BHMgacha bo‘lgan boshqa qarzlar ham kiritildi.

Shu bilan birga, qonunga ko‘ra, soddalashtirilgan tartib avvalgidek jarima tariqasidagi jinoiy jazoni ijro etish to‘g‘risidagi va darhol ijro etilishi lozim bo‘lgan ijro hujjatlariga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Tuzatishlarga muvofiq, ushbu qarzlar soddalashtirilgan ijro tizimiga kiritilgan bo‘lsa-da, ular bo‘yicha jismoniy shaxslarning bank hisobvaraqlaridan mablag‘larni majburiy tarzda yechib olish taqiqlandi. Bu davlat ijrochilarining vakolatlarini cheklab, ularni mazkur toifadagi qarzdorliklar bo‘yicha fuqarolarning bank kartalari yoki hisobvaraqlaridan mablag‘ni avtomatik tarzda yechib olish imkoniyatidan mahrum etadi.

Mazkur qarzdorliklar ijro hujjatlari asosida qarzdor jismoniy shaxsning ish haqi, stipendiyasi, pensiyasi va boshqa turlardagi daromadlaridan undirilishi mumkin. Bunda undiruv miqdori mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoridan oshmasligi kerak.

Ushbu tuzatishlar muhokamasi chog‘ida ayrim deputatlar qarshi chiqqandi. Dastlab fuqarolarning bank hisobvaraqlaridan mablag‘ yechib olish normasi ham nazarda tutilgan edi, biroq u yakuniy hujjatdan chiqarib tashlangan.

Ijro hujjatlarini yuritishning soddalashtirilgan tartibi — bu jismoniy shaxslardan qarzlarni (masalan, jarimalar, soliqlar, davlat bojlari, pochta xarajatlari) undirish qarzdorning yashash joyiga yoki mol-mulki turgan joyga bormagan holda amalga oshiriladigan tartibdir. Barcha jarayon banklar va axborot texnologiyalari orqali masofadan turib amalga oshiriladi.

Odatiy tartibdan farqli ravishda, mol-mulkni xatlash, xorijga chiqishni cheklash kabi qat’iy choralar qo‘llanilmaydi. Xabarnoma olinganidan so‘ng qarzdorga qarzni ixtiyoriy ravishda to‘lash uchun 5 ish kuni beriladi. Agar 5 kun ichida uzrli sabablarsiz qarz to‘lanmasa, bank hisobvaraqlaridan majburiy tarzda mablag‘ yechib olish boshlanadi va qo‘shimcha ravishda ijro yig‘imi hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, 1-iyuldan majburiy to‘lovlarni oyning 15-sanasigacha to‘lamagan uy egalaridan elektr energiyasi uchun to‘lovlarni qabul qilish to‘xtatiladi. Kechiktirilgan har bir kun uchun penya hisoblanadi: jismoniy shaxslarga — 0,1%, yuridik shaxslarga — 0,4%. “Kvartplata” faqat bank kassalari yoki karta orqali to‘lanadi.

Source: www.gazeta.uz