Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Germaniya Detektivlar Federal Assotsiatsiyasi (BDK) rahbari Dirk Peglov televideniyedagi intervyusida ayollarga xavfsizlik uchun erkaklar bilan munosabatda bo‘lmaslikni maslahat berib, jiddiy munozaralarga sabab bo‘ldi.

Peglov ushbu izohni Germaniyada ayollarga nisbatan zo‘ravonlik yuqori darajada ekanligini ko‘rsatadigan so‘nggi jinoiy statistika haqida gapirar ekan, aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 2024-yilda statistik jihatdan kuniga kamida ikki ayol qotillik yoki qotillikka urinish qurboni bo‘lgan.

ZDF telekanali boshlovchisi Dunya Hayali bilan suhbatda Peglov: “Erkak bilan munosabatga kirishmaslik yaxshiroq. Agar kirishsangiz, psixologik yoki jismoniy zo‘ravonlik qurboni bo‘lish xavfi ancha yuqori”, dedi.

Keyinchalik Bild gazetasiga bergan intervyusida Peglov o‘z so‘zlarini yumshatdi: “Mening bayonotim shubhasiz mubolag‘a edi. Bu tom ma’noda maslahat sifatida mo‘ljallanmagan. Erkaklarning katta qismi zo‘ravon emas va jinoyatchi emas”.

Hayali esa Focus Online nashriga bergan intervyusida uning o‘zi va Peglovga tahdidlar kelib tushganini aytdi: “Endi ayollarga nisbatan zo‘ravonlikning kuchayishini tanqid qilmaydigan, aksincha, suhbatdoshim va menga nisbatan zo‘ravonlik fantaziyalari va tahdidlarini bildiradigan erkaklar bor”.

2025 yilgi jinoyat statistikasi Germaniyada xorijliklar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarning yuqori darajasi tufayli ham ommaviy axborot vositalarida shov-shuvga sabab bo‘ldi, ammo mutaxassislar bu raqamlarga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lish kerakligini ta’kidlamoqda.

Source: www.dw.com