Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Toshkent shahrida eng ko‘p yo‘l-transport hodisalari kechki tig‘iz payt — soat 17:00–18:00 atrofida sodir etiladi va 22:00 gacha bu ko‘rsatkich yuqori saqlanib qoladi. Bu Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar institutining (MHTI) Toshkent shahrida tungi iqtisodiy faollik to‘g‘risida tayyorlagan tadqiqotidan kelib chiqadi.

Institut mutaxassislariga ko‘ra, jamoat transporti infratuzilmasi Toshkent shahridagi tungi iqtisodiy faollikni cheklovchi asosiy omillardan biri bo‘lib qolmoqda. Xususan, poytaxtdagi 164 ta avtobus yo‘nalishidan 108 tasi soat 23:00 gacha, qolgan 56 tasi 00:00 gacha faoliyat ko‘rsatadi. Metropoliten faoliyati ham soat 00:00 gacha. Natijada, shaharning katta qismi tungi vaqtlarda jamoat transporti bilan qamrab olinmaydi.

Qolaversa, dam olish kunlari tungi faollik ortishiga qaramasdan, jamoat transporti infratuzilmasidan foydalanish imkoniyati cheklangani tungi iqtisodiyot ishtirokchilarining harakatchanligiga salbiy ta’sir qilib, transport xarajatlarining ortishiga sabab bo‘ladi.

“Mazkur cheklovlar shahar markazi va ko‘ngilochar maskanlarga borishda shaxsiy transport hamda taksi xizmatlaridan foydalanish ulushining ortishiga olib kelib, shaharda shovqin darajasi, ekologik yuklama va yo‘l harakati xavfsizligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi”, — deyiladi tadqiqotda.

MHTI tahlillari shuni ko‘rsatadiki, Toshkent shahrida bir sutkada o‘rtacha 22,2 ta YTH qayd etiladi. Kunduzgi vaqtlarda — 08:00–18:00 sodir etilgan YTHlar ko‘rsatkichi o‘rtachadan yuqori. Ayniqsa, kun yarmida — 12:00–14:00 oralig‘ida YTHlar ko‘rsatkichi sezilarli ortadi.

“Eng yuqori ko‘rsatkich kechki vaqtga — taxminan soat 18:00 ga to‘g‘ri keladi va 22:00 gacha yuqori darajada saqlanib qoladi. Bu esa kechki va tungi vaqtlarda transport harakati xavfsizligiga alohida e’tibor qaratish zarurligini ko‘rsatadi”, — deya qayd etadi MHTI.

MHTI tungi iqtisodiyot ishtirokchilari kamxarj va xavfsiz harakatlanishini ta’minlash hamda tungi vaqtlarda shaxsiy avtomobil va taksi xizmatlaridan foydalanishga ortiqcha rag‘bat yaratmaslik uchun sinov tariqasida poytaxtda tungi jamoat transporti harakatini yo‘lga qo‘yish va metropoliten faoliyatini dam olish kunlari 01:00 ga qadar uzaytirishni taklif qilmoqda.

Xalqaro tajriba shuni ko‘rsatadiki, tungi jamoat transportining mavjudligi nafaqat tungi iste’molchilar uchun qulaylik yaratadi, balki tungi iqtisodiyotning ajralmas qismi bo‘lgan tungi ishchilar uchun ham xavfsiz, qulay va arzon transport xizmatini taklif qiladi. Misol sifatida MHTI AQShni keltiradi: AQShda joriy etilgan tungi avtobuslar tarmog‘i YTHlar va mast holda avtomobil boshqarish holatlarini 10–15 foizga kamaytirgan.

Source: www.gazeta.uz