Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Toshkent shahrida avtobus bekatlarini rekonstruksiya qilish doirasida avtobus “karmon”laridan voz kechishga qaror qilindi. Bu haqda Toshkent shahri Transport va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish bosh boshqarmasi boshlig‘i Mirakbar Ikramov “Toshshahartransxizmat” kompaniyasi matbuot xizmatiga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Ikramovning so‘zlariga ko‘ra, asosiy maqsad avtobuslar uchun ustuvorlikni ta’minlashdir. “Karmon”larga kirish va chiqishda vaqt yo‘qotiladi, ayniqsa chiqishda boshqa haydovchilar ko‘pincha yo‘l bermaydi. Bu esa jamoat transporti harakatini sekinlashtiradi.

Yana bir muammo – “garmoshka” tipidagi yirik avtobuslar “karmon”larga kirish va chiqishda murakkab manyovrlarni bajarishga majbur. Ko‘pincha yengil avtomobil haydovchilari “karmon”lar ichiga yoki kirish-chiqish yo‘laklariga mashinalarini qoldirib ketadi, bu esa xavf tug‘diradi va ba’zan kichik yo‘l-transport hodisalariga sabab bo‘ladi.

Bekatga bir vaqtda bir nechta avtobus kelganda ular “karmon”ga sig‘may qolishi mumkin. Yo‘lovchilar soni ortishi bilan bekat platformalarini kengaytirish zarurati tug‘ilmoqda. “Karmon”lardan voz kechish platformalarni kengaytirish imkonini beradi, bu esa bolalar va keksalar uchun xavfsizroq muhit yaratadi.

Ekspertlarning fikricha, “karmon”lar qulay degan odatiy qarash noto‘g‘ri. Ular vaqt yo‘qotilishi, manyovr qiyinchiliklari, boshqa haydovchilar tomonidan yo‘l harakati qoidalarining buzilishi va yo‘lovchilar uchun xavflarni keltirib chiqaradi. Bitta “garmoshka” 150 nafar yo‘lovchiga mo‘ljallangan bo‘lsa, yengil avtomobilda o‘rtacha bir yoki ikki kishi boradi – ustuvorlik jamoat transportiga berilishi kerak.

Ba’zi avtobus haydovchilari “karmon”lar mavjud bo‘lsa ham bekat platformasiga yaqin to‘xtamasligi kuzatilgan. Natijada yo‘lovchilar yo‘lning qatnov qismiga tushishga majbur bo‘ladi. Yomg‘ir va qor vaqtlarida esa “karmon”lar chiqish va tushishni yanada qiyinlashtiradi.

Jamoat transporti rivojlangan mamlakatlarda “karmon”lardan allaqachon voz kechilgan. Ko‘p hollarda “antikarmon”lar – bekat platformasining qatnov qismiga chiqib turgan bo‘rtma shakli qo‘llaniladi. Bu boshqa haydovchilarda mashinani qoldirish istagini yo‘q qiladi va yo‘lni toraytirib, xavfsizlikni oshiradi.

Hozirda Toshkentda avtobus bekatlarini do‘konlardan tozalash ishlari ham olib borilmoqda. 1-mart holatiga ko‘ra, 2871 ta bekatning 739 tasida do‘konlar borligi aniqlangan, ularning aksariyati noqonuniy qurilgan.

Source: www.gazeta.uz