Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

️ Navoiy viloyatining Navbahor tumanidagi Sarmishsoy darasida noqonuniy oltin qazib olish holati fosh etildi. Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Toshkent shahrida yashovchi 40 yoshli fuqaro uch yil avval arxeologiya yodgorligi sifatida milliy ro‘yxatga kiritilgan va davlat muhofazasiga olingan hududdan qariyb 6 gektar yer maydonini auksion orqali sotib olgan.

️ Biroq, u bu yerdan belgilangan maqsadlarga zid ravishda foydalanib, tarkibida oltin bo‘lgan ma’danli toshlarni qo‘lbola usulda qazib olgan. Jarayonga 19 nafar ishchi jalb qilingan bo‘lib, xomashyo qayta ishlanib, oltin zarrachalari ajratib olingan.

️ Navoiy viloyati IIB va Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida maxsus sex faoliyati fosh etildi. U yerdan 6 kilogrammga yaqin tarkibida oltin bo‘lishi mumkin bo‘lgan qumsimon yarim tayyor mahsulotlar, 1,4 kg kimyoviy moddalar va oltinni eritishga moslashtirilgan uskunalar daliliy ashyo sifatida olindi.

️ Shuningdek, to‘rtta JAC rusumli yuk avtomashinasi va to‘rtta yuklovchi traktor tekshiruv uchun jarima maydoniga joylashtirildi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, davlat manfaatlariga va arxeologiya yodgorligiga yetkazilgan zarar 111 milliard 489 million 672 ming so‘mni tashkil etdi.

️ Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 196-2-moddasi (Foydali qazilmalarni oltin izlovchilar usulida ruxsatnomasiz qazib olish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari davom etmoqda. Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sarmishsoy tog‘ tizmasida bir necha oy noqonuniy oltin qazish bilan shug‘ullangan shaxslar guruhi qo‘lga olingan edi. Ular 9,9 kg oltin saqlagan tog‘ jinslarini o‘zlashtirgan, zarar 15,5 milliard so‘mni tashkil etgan.

Source: www.gazeta.uz