Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Ispaniya chempionatining ikkinchi divizionida o‘ynovchi Real Saragosa klubi darvozaboni Esteban Andrada raqib futbolchiga musht tushirgani uchun uzoq muddatga diskvalifikatsiya qilinishi mumkin.

35 yoshli argentinalik darvozabon yakshanba kuni bo‘lib o‘tgan derbi uchrashuvida Hueska o‘yinchisi Xorxe Pulidoni itarib yubordi va qizil kartochka oldi. Shundan so‘ng Andrada g‘azablanib, Pulidoga yugurib borib, uning yuziga musht tushirdi va bu maydonda to‘polonga sabab bo‘ldi.

Uchrashuvning qo‘shib berilgan vaqtida sodir bo‘lgan voqeadan so‘ng Hueska darvozaboni Dani Ximenes va Saragosaning Dani Tasende ham maydondan chetlatildi. Hueska uyida 1:0 hisobida g‘alaba qozondi.

Meksikaning Monterrey klubidan ijaraga olingan Andrada qizil kartochka uchun bir o‘yinlik diskvalifikatsiyadan tashqari, musht tushirgani uchun 12 o‘yingacha chetlashtirilishi mumkin.

Real Saragosa klubi bayonotida: “Biz bu sportga noloyiq va hech qachon sodir bo‘lmasligi kerak bo‘lgan manzaralarga guvoh bo‘ldik. Klub sodir bo‘lgan voqeani qattiq qoralaydi, bu mintaqamiz uchun alohida ahamiyatga ega futbol uchrashuviga dog‘ tushirdi. O‘z futbolchimiz Esteban Andrada haqida klub voqealarni tahlil qiladi va tegishli intizomiy choralarni ko‘radi”, deyilgan.

Eslatib o‘tamiz, Real Saragosa va Hueska ikkinchi divizionda quyi ligaga tushib ketish xavfi ostida turgan zonada joylashgan.

Source: www.aljazeera.com